Oʻzbekiston-Fransiya munosabatlarida madaniy-gumanitar hamkorlik muhim oʻrin tutadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 29 yilligiga
Uchinchi qism
Madaniy-gumanitar hamkorlik
Oʻzbekiston-Fransiya munosabatlarida madaniy-gumanitar hamkorlik muhim oʻrin tutadi. Samarqand va Lion, Xiva va Versal, Buxoro va Ruey-Malmezon shaharlari oʻrtasida yaqin aloqalar oʻrnatilgan. 2019-yil Ruey-Malmezon shahri markaziy parkida “oʻzbek bogʻi” ochildi. Ushbu bogʻ hududida Abu Ali ibn Sino haykali oʻrnatilgan.
Bugungi kundagi madaniy-gumanitar hamkorlik jarayonida quyidagi jihatlarni ajratib koʻrsatish mumkin.
Birinchi. Oʻzbekistonda fransuz tili, adabiyoti va madaniyatini oʻrganishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Hozirgi kunda oʻrta va maxsus taʼlim sohasida mehnat qilayotgan qariyb uch ming oʻqituvchi, qariyb, 300 ming oʻquvchi va talabaga fransuz tilini oʻrgatmoqda. Fransuz tili Oʻzbekistonning 812 ta maktabi va 6 ta ixtisoslashtirilgan maktabida oʻqitilmoqda. 8 ta universitetda fransuz tili va roman tillari kafedralari tashkil etilgan boʻlib, ularda talabalar fransuz tilini asosiy til sifatida, koʻpchilik talabalar ikkinchi til sifatida oʻrganishadi. 2019-yili Samarqand shahridagi 43-sonli ixtisoslashgan maktabga Fransiya fuqarosi, Temuriylar davri tarixi va sanʼatini oʻrganish uyushmasi asoschisi Lyusyen Keren nomi berildi.
Oʻzbekistonda fransuz tili va madaniyatini rivojlantirish, Oʻzbekiston-Fransiya hamkorligini mustahkamlashda mamlakatimizda muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan fransuz alyansi va fransuz maktabiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Fransiyaning Toshkentdagi elchixonasi koʻmagida fransuz tili oʻqituvchilari uchun Oʻzbekiston va Fransiya mutaxassislari ishtirokida muntazam ravishda seminarlar, malaka oshirish kurslari tashkil etiladi. Fransuz tili va madaniyatini ommalashtirishga qaratilgan tadbirlar, xususan Frankofoniya bayrami, oʻquvchi, talabalar ishtirokidagi teatr festivallari, Yevropa tillari kuni uyushtiriladi. Jumladan, 2019-yil Frankofoniya bayrami doirasida Oʻzbekistonda ilk bor fransuz tili oʻrganuvchilari orasida fransuz tili boʻyicha umumxalq diktanti oʻtkazildi.
2019-yilda Oʻzbekiston fransuz tili oʻqituvchilari uyushmasi tashkil etildi. Uyushma Xalqaro fransuz tili oʻqituvchilari uyushmasi huzurida faoliyat yuritadi. Oʻsha yil noyabr oyida Oʻzbekistonda ilk marotaba fransuz tili oʻqituvchilari kuni nishonlandi. Ushbu bayram Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron tashabbusi bilan taʼsis etilgan. Fransiyaning Toshkentdagi Elchixonasi koʻmagida 2020-yil oxiriga qadar fransuz tili oʻqituvchilari uchun har oyda nashr etiladigan jurnal loyihasini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Taʼkidlash joiz, 2019-yilda Fransiya hukumati qarori bilan Oʻzbekiston oʻquv muassasalarining toʻrt vakiliga Fransiya Respublikasi Akademik palma ordeni topshirildi. Ushbu unvon tarixi Napoleon I davriga borib taqaladi va taʼlim sohasidagi xizmatlari uchun fransuz fuqarolariga, fransuz tili va madaniyati ommalashtirishdagi faoliyati uchun alohida xorijiy fuqarolarga topshiriladi.
Ikkinchi. Oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi va akademik hamkorlik mustahkamlanmoqda. Soʻnggi yillarda Fransiyaning Parij-Syud, Parij I Panteon-Sorbonn, Parij II Panteon-Assas, Parij IV Sorbonn, Grenobl, Nissa Sofiya-Antipolis, Bretan-syud universitetlari, Sharq tillari va sivilizatsiyasi milliy instituti, Tuluza universiteti, Tuluza siyosiy tadqiqotlar instituti, Versal milliy arxitektura oliy maktabi bilan hamkorlik aloqalari oʻrnatilgan. Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasi va Fransiya administratsiyasi milliy maktabi oʻrtasida ham samarali aloqalar oʻrnatilgan.
Sorbonn universiteti huzuridagi Sharq tillari va sivilizatsiyasi milliy institutida oʻzbek tilini oʻqitish kurslari tashkil etilgan. 2019-yildan buyon esa Oʻzbekistonda Fransiya oʻquv muassasalarining uchta fakulteti faoliyat yuritmoqda. Talabalar va oʻqituvchilar almashinuvi yoʻlga qoʻyilgan, onlayn vebinarlarni oʻz ichiga olgan akademik tadbirlar uyushtirilmoqda. Oʻzbekiston va Fransiyaning qator oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida talabalarga ikki mamlakatda tahsil olish va ikki diplomli boʻlish imkonini beradigan qoʻshma taʼlim dasturlari yoʻlga qoʻyildi. Shu bilan birga Yevropa Ittifoqining “Erazmus+” loyihasi doirasida Fransiya oliy taʼlim dargohlari bilan akademik hamkorlik mustahkamlanib bormoqda. Xususan, 2020-yil yanvardan boshlab Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Liondagi Frank-amerika biznes-maktabi bilan hamkorlikda xalqaro kredit safarbarlik boʻyicha uch yilga moʻljallangan “Erazmus+” dasturida ishtirok eta boshladi.
Oliy taʼlim muassasalari oʻrtasidagi hamkorlikni yana-da mustahkamlash va bu boradagi ustuvor yoʻnalishlarni muhokama qilish maqsadida Oʻzbekiston va Fransiya rektorlari sammitini oʻtkkazish boʻyicha kelishuvga erishilgan. Shu bilan birga Oʻzbekiston Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda “Campus France” agentligi oʻrtasida Hamkorlik rejasini imzolash boʻyicha tayyorgarlik loyihasi tasdiqlandi.
Uchinchi. Arxeologiya va madaniy merosni saqlash boʻyicha aloqalar ham rivojlanmoqda. Fransiyaning toʻrtta arxeologik missiyalsi Oʻzbekiston arxeologlari bilan hamkorlikda faoliyat yuritmoqda. Missiya Samarqand, Termiz, Qizilqum choʻllari, Paykent va Romitan shaharlarida oʻz faoliyatini yuritmoqda. Ushbu loyihalar Fransiya tashqi ishlar vazirligi tomonidan moliyalashtirilmoqda. Shuningdek, Fransiya Oʻzbekistoning madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilishga oid loyihalarni amalga oshirishda ham yordam koʻrsatmoqda. “Afrosiyob” muzeyidagi “Elchilar” freskosi restavratsiyasi shular jumlasidan.
Toʻrtinchi. Oʻzbekiston Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi hamda Fransiyaning Muzeylar tadqiqotlari va restavratsiyasi markazi oʻrtasida hamkorlik oʻrnatildi. Ushbu hamkorlik tarix, sanʼat va madaniyat sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni, Oʻzbekiston madaniy qadriyatlarini tahlil qilish boʻyicha laboratoriyani tashkil qilishga koʻmaklashni oʻz ichiga oladi. Shuningdek, Fransiya va Oʻzbekistonda koʻrgazma va anjumanlar oʻtkazish ishlari ham olib borilmoqda.
Oʻzbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi va Luvr muzeyi oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi. 2018-yilda Fransiya muzeyi vakillaridan iborat delegatsiya Oʻzbekistonga uch marotaba tashrif buyurdi. Mutaxassislar almashinuvi, ilmiy kadrlar va muzey xodimlarini tayyorlash, ularni ilgʻor texnologiyalar va muzey ishini tashkillashtirishning zamonaviy usullari boʻyicha oʻqitish rejalashtirilgan. Shuningdek, 2021-yil Luvr muzeyida Oʻzbekiston haqida koʻrgazma tashkil etish masalasi koʻrib chiqilmoqda.
Beshinchi. 2018-yil Fransiyada Oʻzbekiston madaniyati kunlari boʻlib oʻtdi. Fransiyaning Burj shahrida tashkil etilgan konsert dasturi, mamlakatimizning turizm salohiyati va madaniy merosiga oid video taqdimot, sanʼat buyumlari koʻrgazmasi va boshqa tadbirlar ishqibozlarda katta qiziqish uygʻotdi. Uch ming tomoshabin toʻplangan tadbirda respublikamizning 50 nafardan ziyod sanʼat ustasi ishtirok etdi. Yorqin musiqiy kechalar, jumladan, folklor-etnografiya ansambli, mumtoz va anʼanaviy ashulachilik namunalari, isteʼdodli xonanda va raqqosalarning chiqishlari mehmonlarda iliq taassurot qoldirdi. Ushbu shaharda Oʻzbekiston madaniyati kunlarini qayta oʻtkazish taklifi mazkur tadbirning muvaffaqiyatli oʻtganidan dalolat.
2018-yil 71-Xalqaro Kann kinofestivalida ilk bor “Uzbekistan” pavilyoni ochilishi muhim voqelik boʻldi. 2019-yil esa Kanndagi “Marché du Film”da 72-Xalqaro kinofestival doirasida oʻzbek pavilyoni ochildi. Anjuman tashkilotchisi Arno Menindes shunday dedi: “Oʻzbekiston ulkan salohiyatga ega, koʻplab sayyohlar, kino ishlab chiqaruvchilar uchun jozibali mamlakatdir. Yurtingizda qiziqarli, diqqatga sazovor maskanlar koʻp. Oʻylaymanki, yaqin kelajakda Oʻzbekistonda suratga olingan jahon kino premyeralarini koʻrish imkoniga ega boʻlamiz”.
Oltinchi. 2019-yilning 22-mayidan 5-iyuniga qadar Oʻzbekiston moda sanoati vakillari ilk bor Parij xalqaro moda va dizayn akademiyasida tashkil etilgan oʻquv mashgʻulotlarida ishtirok etdilar. Malaka oshirish kurslari yakunida oʻzbekistonlik mutaxassislarga ushbu nufuzli oʻquv muassasasi diplomlari topshirildi. 2018-yil fevral oyida Parijda boʻlib oʻtgan “Texworld Paris” xalqaro matolar koʻrgazmasi doirasida “Sharq liboslari” dizayn-markazi rahbarligidagi delegatsiya tashrifi davomida malaka oshirish darslari oʻtkazish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.
Ushbu loyiha doirasida oʻzbekistonlik mutaxassislar Givenchy, Chanel, Dior, Louis Vuitton kabi mashhur brendlarning yetakchi dizaynerlari tomonidan oʻtkazilgan mahorot darslari va amaliy mashgʻulotlarda ishtirok etishdi.
* * *
Shunday qilib, Oʻzbekiston-Fransiya oʻrtasidagi munosabatlar jadalligi, strategik yoʻnalganligi va istiqbolli yoʻnalishlar paydo boʻlgani bilan xususiyatlanadi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga tashrifi bu borada muhim rol oʻynadi. Ushbu tashrif soʻnggi yillarda Oʻzbekiston-Fransiya oʻrtasidagi munosabatlarni yangicha sifat bosqichiga olib chiqish yoʻlidagi ishlarning mantiqiy davomi boʻldi.
Oʻzbekiston-Fransiya munosabatlarining yuqori darajaga koʻtarilishida birinchidan, Oʻzbekistondagi harakatlar strategiyasining Fransiya rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar dasturi bilan yaqinligi, ikkinchidan, har ikki davlatning asosiy xalqaro va mintaqaviy muammolarni hal etishdagi harakatlari mosligi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu mintaqaviy va xalqaro hamkorlikning yangi shakllarini rivojlantirishga, bugungi kundagi turli tahdidlarga birgalikda qarshi kurashishga yordam beradi.
Oʻzbekiston va Fransiya hamkorligi jarayonida turli sohalar boʻyicha katta natijalarga erishildi. Birinchidan, mamlakatlar oʻrtasida iqtisodiy diplomatiya faollashdi, oldingi yillarda yoʻlga qoʻyilgan parlament diplomatiyasi yana-da rivoj topdi. Ikkinchidan, oʻzaro savdo aylanmasi muntazam oʻsdi, Fransiya sayyohlari va ishlbilarmon doira vakillarining mamlakatimizga boʻlgan qiziqishi ortdi. Oʻzbekiston sanoati va iqtisodiyotini texnologik modernizatsiya qilishga qaratilgan yuqori texnologiyali investitsiya loyihalari amalga oshirila boshlandi. Bu Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi imijini oshirishga xizmat qiladi.
Taʼlim va ilm-fan, ayniqsa, Oʻzbekiston oʻquv muassasalarida fransuz tili va adabiyotini oʻrganish boʻyicha samarali hamkorlik rivojlanayotgani kuzatiladi. Madaniy munosabatlarning kelgusi rivoji Fransiya va Oʻzbekiston xalqlarini yana-da yaqinlashtirishga hissa qoʻshadi.
Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan konstruktiv va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlariga erishishga yoʻnaltirilgan mintaqaviy siyosati mutlaqo yangicha mintaqaviy sharoitni yuzaga keltirdi.
Ikki tomonlama munasabatlar – oʻzaro hamkorlikni yana-da rivojlantirishning boshlanishidir. Xalqaro munosabatlarda yuz berayotgan oʻzgarishlar, pandemiya bilan bogʻliq dunyo iqtisodiy inqirozi boshlanishi Fransiyaning Yevropada, Oʻzbekistonning esa Yevroosiyodagi rolini oshira boshladi.
Ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishdagi yangi imkoniyatlar va sharoitlar aynan shu asnoda paydo boʻladi. Fransiya Yevropa lokomotivi sifatida, Oʻzbekiston esa Markaziy Osiyodagi muhim tarkibiy omil sifatida Yevropa va Osiyo oʻrtasida strategik rol oʻynashi mumkin.
Emmanuel Dyupyui,
Yevropa prognozi va xavfsizlik instituti prezidenti,
professor
Sayfiddin Joʻrayev,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti
professori
Elyor Mahmudov,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti
dotsenti