Oʻzbekiston – Fransiya biznes-forumi
Parij, 5 oktyabr. OʻzA maxsus muxbiri Abu Bakr OʻROZOV xabar qiladi.
Parij, 5 oktyabr. OʻzA maxsus muxbiri Abu Bakr OʻROZOV xabar qiladi.
Fransiya poytaxti Parij shahrida Oʻzbekiston – Fransiya biznes-forumi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Savdo-sanoat palatasi, mamlakatimizning Fransiyadagi elchixonasi, MЕDЕF hamkorligida tashkil etilgan tadbirda “Bouygues” va “VINCI” kabi yirik kompaniyalar vakillari, ikki mamlakatning masʼul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbirda mamlakatlarimiz oʻrtasida hamkorlik izchil rivojlanib borayotgani, mazkur biznes-forum savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy sohadagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.
Forumda Fransiyaning qishloq xoʻjaligi, savdo-sotiq, mashinasozlik, kimyo, qurilish, oziq-ovqat sanoati hamda xizmat koʻrsatish tarmoqlarida faoliyat koʻrsatayotgan kompaniya vakillari ishtirok etdi.

Keyingi yillarda mamlakatimizning ulkan iqtisodiy salohiyati, zamonaviy transport kommunikatsiyalari, yurtimizdagi qulay sarmoyaviy muhit Fransiya ishbilarmon doiralarida ham katta qiziqish uygʻotmoqda.
Forumda fransiyalik ishbilarmonlarga yurtimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish omillari, sarmoya kiritish istiqbollari toʻgʻrisida maʼlumot berildi. Oʻzbekiston va Fransiya ishbilarmonlari oʻrtasida koʻplab sohalarda amalga oshirilayotgan qoʻshma loyihalar va ularning ijrosi haqida soʻz yuritildi.
Ekspertlarning fikricha, Oʻzbekiston bilan Fransiya oʻrtasidagi tovar aylanmasini kamida ikki barobar oshirish imkoniyati mavjud. Mazkur jarayonni yanada jadallashtirishning samarali usuli ishbilarmonlar va boshqa manfaatdor tomonlar oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlashda qoʻshma tadbirlarni amalga oshirishdir.
– Bugun Oʻzbekistondan keldim, – dedi "Orang group" kompaniyasi hududiy direktori Fergal Golding. – Mamlakatingizda oʻtgan axborot texnologiyalari haftaligida ishtirok etdik. Oʻzbekistonlik hamkasblarimiz bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻymoqchimiz. Bunda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan mazkur sohada amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlarning roli yuqori boʻlayotganini qayd etish lozim. Tashrifimiz davomida axborot texnologiyalari sohasidagi manfaatdor vazirlik va tashkilotlar bilan muzokara olib bordik. Oʻylaymanki, ushbu biznes-forum ham ikki tomon uchun birdek foydali boʻladi.
Bugungi kunda mamlakatimizda fransiyalik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan 16 korxona faoliyat yuritayotir. Keyingi yillarda Oʻzbekiston – Fransiya munosabatlarida yangicha surʼat kuzatilmoqda. Joriy yilda ikki mamlakat oʻrtasida uch marta yuqori darajada delegatsiyalar tashrifi amalga oshirildi.
Oʻzbekiston bilan Fransiya oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar yuqori bosqichga koʻtarildi. 2017 yil yakunlari boʻyicha oʻzaro tovar aylanmasi 251,6 million AQSH dollariga yetdi. Joriy yilning yanvar – avgust oylarida bu koʻrsatkich 195,1 million dollarni tashkil qildi. Bunda farmatsevtika, qishloq xoʻjaligi, elektrotexnika, toʻqimachilik, kimyo mahsulotlari, parfyumeriya va kosmetika, transport, mexanika vositalari kabi mamlakat iqtisodiy taraqqiyotini belgilaydigan sohalar muhim oʻrin tutadi.
Forum doirasida “Oʻzbekenergo”, “Oʻzqurilishmateriallari”, “Oʻzsharobsanoat”, “Oʻzcharmsanoat” kabi mamlakatimizning yirik korxonalari va xususiy tadbirkorlik subyektlari vakillari Fransiyaning 100 ga yaqin yirik ishlab chiqarish, kichik va oʻrta biznes vakillari bilan muzokaralar olib bordi.
Ishtirokchilar turli sohalarda manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish istiqbollarini muhokama qildi. Yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish bilan bogʻliq masalalar, jumladan, ularning asosiy parametrlari va moliyalashtirish manbalari koʻrib chiqildi.