Birlashgan Millatlar Tashkiloti yer yuzida tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash, davlatlararo hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan eng nufuzli xalqaro tuzilmadir.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti yer yuzida tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash, davlatlararo hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan eng nufuzli xalqaro tuzilmadir. BMT aʼzosi boʻlgan har bir davlat xalqaro munosabatlarning asosiy tamoyillari aks etgan, xalqaro shartnomalardan iborat BMT Nizomidagi majburiyatlarga rioya qiladi.
Ushbu Nizomda Tashkilotning toʻrtta asosiy vazifasi, yaʼni xalqaro tinchlik va xavfsizlikni taʼminlashga koʻmaklashish, millatlar oʻrtasida doʻstona aloqalarni rivojlantirish, xalqaro muammolarni hal etish va inson huquqlarini hurmat qilishni ragʻbatlantirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va ushbu umumiy maqsadlarga erishishda millatlarning saʼy-harakatlarini muvofiqlashtirish belgilab qoʻyilgan.
BMT butunjahon hukumati emas, yaʼni qonunlar qabul qilmaydi. Biroq, xalqaro mojarolarni bartaraf etish va yer yuzi aholisi uchun daxldor masalalarni hal etish siyosatini ishlab chiqishga yordam bera oladigan mablagʻga ega. BMTga katta-kichik, boy-kambagʻal, turli siyosiy qarash va tuzumga ega davlatlar aʼzo boʻlib, ularning barchasi ovoz berish va ovoz berishda ishtirok etish huquqiga ega.
BMT tarkibida 6 ta bosh organ mavjud boʻlib, beshtasi – Bosh Assambleya, Xavfsizlik Kengashi, Iqtisodiy va ijtimoiy Kengash, Vasiylik Kengashi va Kotibiyat Nyu-Yorkdagi markaziy qarorgohda, Xalqaro sud esa Niderlandiyaning Gaaga shahrida faoliyat yuritadi.
Oʻzbekiston 1992-yil 2-martda BMTga aʼzo boʻlgan. Shu kundan eʼtiboran BMT bosh qarorgohi peshtoqida davlatimiz bayrogʻi hilpiray boshladi. 1993-yil 24-oktyabrda Toshkentda BMTning vakolatxonasi ochildi. BMTda ham Oʻzbekiston Respublikasining doimiy vakolatxonasi ish boshladi.
Hozirgi kunda Oʻzbekistonda BMTning oʻndan ortiq dasturlari, jamgʻarmalari va agentliklari, jumladan, BMT Taraqqiyot dasturi (BMT TD), Aholishunoslik jamgʻarmasi (YUNFPA), Bolalar jamgʻarmasi (YUNISEF), Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST), Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkiloti (YUNESKO), Narkotiklar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi, OIV/OITS boʻyicha birlashgan dasturi, Gender tengligi hamda ayollar huquq va imkoniyatlarini kengaytirish masalalari boʻyicha tuzilmasi, Markaziy Osiyoda Preventiv diplomatiya mintaqaviy markazi, Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT), BMTning oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti kabi ixtisoslashgan muassasalari faoliyat olib bormoqda.
Tashkilot faoliyatiga, shuningdek, mamlakatda vakolatxonalari boʻlmagan agentliklar, jumladan, BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi, Sanoatni rivojlantirish tashkiloti, Atrof-muhitni muhofaza qilish dasturi va Yevropa iqtisodiy komissiyasi koʻmak bermoqda. Jahon banki ham mustaqil ixtisoslashgan muassasa sifatida BMTning Oʻzbekistondagi faoliyatiga muhim hissa qoʻshib kelmoqda.
Turli yillarda Oʻzbekistonga BMT Bosh kotiblari Kofi Annan, Pan Gi Mun, 2017-yilda hozirgi Bosh kotib Antoniu Guterrish tashrif buyurgan.
Mamlakatimiz BMTning teng huquqli aʼzosi sifatida nufuzli xalqaro tashkilotning maqsad va qoidalariga qatʼiy amal qilib keladi. Shu bilan birga, oʻz ovozi va mavqeiga ega davlat sifatida BMT faoliyatiga daxldor oʻta muhim va dolzarb tashabbuslarni ilgari surmoqda.
Oʻzbekistonning BMT bilan hamkorligi soʻnggi 4 yilda mutlaqo yangi bosqichga koʻtarildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017-yil BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida, joriy yil 23-sentyabrda videokonferensiya shaklida tashkil etilgan 75-yubiley sessiyasida nutq soʻzladi.
Davlatimiz rahbari oʻz nutqlarida jahon hamjamiyati eʼtiborini sayyoramiz aholisi uchun oʻta muhim masalalarga qaratdi, bu borada qator dolzarb tashabbuslarni ilgari surdi. Eng asosiysi, mamlakatimiz bildirgan takliflar hayotiy va aniqligi, olib borilayotgan saʼy-harakatlar esa amaliy va izchil ekanligi bilan jahon ommasi eʼtirofiga sazovor boʻlmoqda.
Masalan, Prezidentimiz BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida aholini ijtimoiy himoya qilish, inson huquqlarini taʼminlash, bola mehnatidan foydalanmaslik, davlat organlarining xalqqa xizmat qilishi lozimligi xususidagi fikrlarini bayon etdi. Shavkat Mirziyoyev Afgʻoniston muammosiga alohida toʻxtalib, afgʻon xalqi turmush tarzini yuksaltirish, ushbu mamlakatni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishga koʻmaklashishga doim tayyor ekanini taʼkidladi, shu masalada AQSHni hamkorlikka chaqirdi.
Davlatimiz rahbari sessiyada Markaziy Osiyodagi eng ogʻriqli muammolardan biri – Orol fojiasini yumshatish va suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalarini koʻtargani alohida eʼtiborga loyiq.
Oʻsha sessiyada Oʻzbekiston Prezidenti BMT minbaridan turib, ayni davrda insoniyat tarixidagi eng koʻp yoshlar bilan yashayotganimizni inobatga olgan holda ilgari surgan yirik tashabbusi – Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi BMT konvensiyasini qabul qilish taklifi boʻldi. Shavkat Mirziyoyev bunga asos qilib, bugungi kunda yoshlar soni ikki milliarddan oshgani, xalqaro terrorizm va esktremizm shiddat bilan oʻsib borayotgan bir paytda ularga himoya zarurligini muhim omillar sifatida koʻrsatdi.
Oʻzbekiston Prezidentining mazkur nutqi mavjud muammolarga mamlakat, mintaqa va global darajada ahamiyat qaratilib, ularning yechimiga pragmatik yondashilgani bilan ahamiyatlidir. Ushbu tashabbuslar xalqaro miqyosda qoʻllab-quvvatlanib, 2018-yil 22-iyunda BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash boʻyicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash”, 2018-yil 12-dekabrda “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” nomli maxsus rezolyutsiyalari qabul qilindi.
Shuningdek, 2017-yil noyabr oyida BMT shafeligida Samarqandda “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yoʻlidagi hamkorlik”, 2018-yil 27-martda Toshkentda “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusida Afgʻoniston boʻyicha xalqaro konferensiyalar tashkil etildi.
BMT agentliklari “Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp sheriklik Trast fondini tashkil qilish orqali Orol fojiasidan zarar koʻrgan aholining turmush sharoiti salohiyatini mustahkamlash” qoʻshma dasturi ishga tushirildi.
Umuman, Oʻzbekiston tashabbuslari BMT darajasida faol qoʻllab-quvvatlanmoqda. Mamlakatimizga BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari, diniy eʼtiqod boʻyicha maxsus maʼruzachisi tashriflari beqiyos ahamiyatga ega boʻldi. 2018-yil noyabrda Samarqand shahrida BMT tashkil etilganidan soʻng 70 yil davomida Osiyo mintaqasida birinchi marta Inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumi boʻlib oʻtdi. Forumda BMT Bosh Assambleyasining 73-sessiyasi hujjati sifatida tarqatilgan Inson huquqlari boʻyicha Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi. Joriy yilga belgilangan “Samarqand forumi” pandemiya sabab videokonferensiya shaklida tashkil etildi.
Bosh Assambleyaning 72-sessiyasida Oʻzbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbusni amalga oshirish maqsadida ishlab chiqilgan BMTning Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyasi loyihasi ayni paytda BMTga aʼzo davlatlar, manfaatdor tuzilmalar tomonidan qizgʻin muhokama qilinmoqda. Bularning bari Oʻzbekiston Tashkilot doirasida muhim xalqaro tashabbuslar ijodkoriga aylanib borayotganidan dalolat.
Qolaversa, oʻtgan qisqa davr mobaynida mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini takomillashtirish, majburiy mehnatni bartaraf etish kabi umuminsoniy qadriyatlarga xizmat qiluvchi masalalarda ulkan natijalarga erishildi. Bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar BMT tamoyillari bilan uygʻun, yondosh xalqaro tashkilotlar bilan amaliy hamkorlikda olib borilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida oʻzbek tilida soʻzlagan nutqi ham butun dunyo jamoatchiligi tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.
Prezidentimiz bu galgi nutqida inson huquqlari, xotin-qizlar, ayniqsa, dunyo yoshlari huquqlarini taʼminlash, mintaqamizning global iqtisodiy, transport va tranzit yoʻlaklariga integratsiyasini chuqurlashtirish kabi oʻta muhim masalalarga alohida eʼtibor qaratdi.
Davlatimiz rahbari, shuningdek, Afgʻonistonda tinchlik va barqarorlik oʻrnatish, Global iqlim oʻzgarishi va Orol muammosi, qashshoqlikni tugatish va kambagʻallikka qarshi kurashish kabi dolzarb masalalar yuzasidan aniq takliflarini bildirdi, bu borada BMTni hamkorlikka chaqirdi.
Albatta, Oʻzbekiston va BMT hamkorligi izchil davom etadi. Oʻzbekiston Tashkilotni zamonaviy talablar asosida isloh qilishga qaratilgan saʼy-harakatlarni qoʻllab-quvvatlab kelmoqda. Yangi tashabbuslar va qoʻshma loyihalarni ilgari surish maqsadida Oʻzbekiston tomonidan BMT bilan oʻzaro hamkorlikni yana-da rivojlantirish boʻyicha ishlab chiqilgan “Yoʻl xaritasi” amalga oshirilmoqda. Ushbu hujjatdagi vazifalar toʻliq roʻyobga chiqarilishi mamlakatimizning BMT bilan munosabatlarini yana-da yuqori bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.