Oʻzbekiston – AQSH biznes-forumi
Mamlakatimizning xorijiy davlatlar bilan aloqalari rivojida Amerika Qoʻshma Shtatlari bilan hamkorlik munosabatlari alohida oʻrin tutadi. Davlatimiz rahbarining AQSHga tashrifidan soʻng ikki mamlakat oʻrtasidagi diplomatik munosabatlar tarixida yangi sahifa ochildi.
Mamlakatimizning xorijiy davlatlar bilan aloqalari rivojida Amerika Qoʻshma Shtatlari bilan hamkorlik munosabatlari alohida oʻrin tutadi. Davlatimiz rahbarining AQSHga tashrifidan soʻng ikki mamlakat oʻrtasidagi diplomatik munosabatlar tarixida yangi sahifa ochildi. Bu jarayonda savdo-iqtisodiy aloqalar ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
18-iyun kuni AQSHning sertifikatlangan ilk savdo missiyasi mamlakatimizga tashrif buyurdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2018-yil oktyabr oyida AQSH savdo vaziri Uilbur Ross bilan uchrashuvida erishilgan kelishuvlar ijrosi doirasida amalga oshirilgan bu tadbir iqtisodiy hamkorlikni yanada faollashtirish yoʻlidagi intilishlarning mantiqiy davomidir.
AQSH delegatsiyasining tashrifi doirasida Oʻzbekiston – AQSH biznes-forumi tashkil etildi. Unda mamlakatimizning tegishli vazirlik va idoralari, savdo, moliya, qishloq xoʻjaligi, mashinasozlik, taʼlim, sogʻliqni saqlash kabi sohalarda faoliyat yurituvchi kompaniyalar rahbarlari, biznes doiralar vakillari, shuningdek, AQSHning 13 ta yirik kompaniyasi masʼullari ishtirok etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov, Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov va boshqalar oʻzaro hamkorlik koʻp qirrali ahamiyat kasb etishini, mamlakatimizda ishbilarmonlar uchun yaratilayotgan qulay biznes muhiti boshqa xorijiy kompaniyalar qatori amerikalik investorlarda ham katta qiziqish uygʻotayotganini taʼkidladi.
Mehmonlar Oʻzbekistonda roʻy berayotgan oʻzgarishlarni yuqori baholadi.
Tadbirda mamlakatimizning investitsiyaviy salohiyati, ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari, oʻzaro savdoni qoʻllab-quvvatlash, yangi loyihalarni moliyalashtirish kabi masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, Oʻzbekiston va AQSHning savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan istiqbolli loyihalar yuzasidan fikr almashildi.
Forum transport, qishloq xoʻjaligi, ijtimoiy xizmat koʻrsatish, taʼlim, energetika kabi qator sohalar boʻyicha tashkil etiladigan uchrashuvlar va muloqotlar tarzida davom etadi.