Oʻzbek tili tarixiy vazifani bajardi
Mustaqillikka erishgandan soʻng oʻzbek tilidan foydalanish, uning dunyo boʻylab oʻrgatilishi alohida ahamiyat kasb etdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 23-sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ishtirok etishi va BMT minbarida mustaqil Oʻzbekiston tarixida ilk bor oʻzbek tilida nutq soʻzlashi qalbimizda cheksiz faxr tuygʻularini uygʻotdi.
1992-yilda Turkiya Respublikasining ilk universiteti boʻlgan Anqara universitetining Til, tarix-joʻgʻrofiya fakultetida ochilgan hozirgi turkiy tillar va adabiyotlari boʻlimida oʻzbek tilini oʻrgatishga umrini bagʻishlagan olim sifatida bir jihatga eʼtiboringizni qaratmoqchiman.
Mustaqillikka erishgandan soʻng oʻzbek tilidan foydalanish, uning dunyo boʻylab oʻrgatilishi alohida ahamiyat kasb etdi. Ayniqsa, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda davlat tiliga eʼtibor kuchaydi, oʻzbek tilining madaniyat koʻprigi hisoblangan boshqa tillar bilan birga rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratildi. 2019-yilda Oʻzbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga toʻla huquqli aʼzo boʻlib qoʻshilishi oʻzbek tilining turkiy tillar oilasidagi oʻrni naqadar muhimligini isbotlaydi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT sessiyasida oʻzbek tilida nutq soʻzlashi ona tiliga va oʻzbek xalqiga cheksiz mehr-muhabbati, Oʻzbekiston Jumhuriyati kelajagiga yuksak ishonchining yaqqol ifodasidir.
Oʻtgan yili Oʻzbekistonda oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 30 yilligi keng nishonlandi. Men ham til bayrami tadbirlarida qatnashish baxtiga muyassar boʻldim. Bu tadbirlarda xalqingizning oʻz ona tiliga yuksak ehtiromini koʻrib toʻlqinlandim.
“Til – dil kaliti” deyilganidek, BMT davlatlari yuraklarining kaliti sifatida oʻzbek tili tarixiy vazifani bajardi, deb oʻylayman. Oʻzbek tili bayrami arafasida milliy oʻzlikni taʼminlaydigan ona tiliga eʼtiborning xalqaro miqyosda yana bir bor taʼkidlanishi har qancha magʻrurlansa arziydigan holdir.
Aynur Oʻz Oʻzjan,
Anqara universiteti professori
(Turkiya)