Oʻzbek tili qonun bilan himoyalangan timsol
“Uzbekistan Airways” oʻquv-mashq markazida “Davlat tili haqida”gi qonunning 31 yilligi va “Oʻzbek tili bayrami kuni”ga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.
21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni
“Uzbekistan Airways” oʻquv-mashq markazida “Davlat tili haqida”gi qonunning 31 yilligi va “Oʻzbek tili bayrami kuni”ga bagʻishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.
Unda “Uzbekistan Airways” aksionerlik jamiyati boshqaruv raisi birinchi oʻrinbosari U.Xusanov ishtirokchilarni 21-oktyabr – Oʻzbek tili bayrami kuni bilan tabriklab, til xalqimizning milliy oʻzligi va mustaqil davlatimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boyligimiz ekanligini alohida taʼkidladi.
– Til – milliy qadriyatlarni namoyon etib turuvchi eng mustahkam zanjir, boy va cheksiz maʼnaviy xazinadir, – deydi Toshkent aviatsiya transport prokurori Sherzod Mamajanov. - Aslida ham til millatning madaniyati va maʼnaviyati, qadim tarixi hamda millatga xos urf-odatlar majmuini yaqqol ifodalaydi. Millatni millat qiladigan, uni mehvarida ushlab turadigan qudrat bu tildir. Bosh Qomusimizda ham davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qoʻyildi. Shu tariqa oʻzbek tili qonun yoʻli bilan himoya qilinadigan muqaddas timsollardan biriga aylandi.
Darhaqiqat, yurtimiz “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan bosh tamoyil asosida taraqqiyotning yangi, yana-da yuksak bosqichiga koʻtarilmoqda. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar jarayonida davlat tilining hayotimizdagi oʻrni va nufuzi tobora oshib bormoqda. Oʻzbek tili siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy jabhalarda faol qoʻllanib, xalqaro minbarlarda baralla yangramoqda.
– Xorijiy mamlakatlarda tilimizga eʼtibor va uni oʻrganishga qiziqish kuchaymoqda, – deydi TDTU Oʻzbek tili kafedrasi oʻqituvchisi, pedagogika fanlari boʻyicha falsafa doktori, dotsent Anajan Baltayeva. – Bu olijanob harakatni barchamiz oʻzimizdan, oʻz oilamiz va jamoamizdan boshlashimiz, ona tilimizga, urf-odat va qadriyatlarimizga hurmat, Vatanga mehrimizni amaliy faoliyatda namoyon etishimiz kerak.
Bayram tadbirida taniqli shoir va yozuvchilar ham ishtirok etdi.