O‘zbek shaxmatchilarining yuksak salohiyati
Poytaxtimizda shaxmat bo‘yicha 12 yoshgacha o‘g‘il-qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida hamyurtlarimiz 6 oltin, 4 kumush va 4 bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor navqiron avlodni jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk, yuksak intellektual salohiyatli insonlar etib voyaga yetkazishda muhim omil bo‘lmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda ko‘plab sport turlari qatori shaxmat ham tobora ommalashmoqda. O‘zbek shaxmatchilari jahon va qit’a chempionatlari, turli nufuzli musobaqalarda ishtirok etib, Vatanimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tibori yuksalishiga munosib hissa qo‘shmoqda.
Poytaxtimizda o‘tgan Osiyo chempionati ham shaxmatchilarimiz uchun g‘alabalarga boy bo‘ldi.
Osiyo shaxmat federatsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi hamda mamlakatimiz shaxmat federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan qit’a chempionatida 200 nafarga yaqin shaxmatchi g‘oliblik uchun dona surdi.
Shaxmat bo‘yicha jahon chempioni Nodirbek Abdusattorov o‘n yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar bahsida mo‘g‘ulistonlik Ganzorig Amartuvshin, Batsuren Dambasuren, hindistonlik Mohan Kushagra, Ritvik Raja, Pragnanandha va Sarin Nihal, vetnamlik Min Tiyen Nguyen va Duk Tri Ngo hamda jamoadoshi Javohir Sindorov ustidan g‘alaba qozonib, Osiyo chempioni bo‘ldi.
Chempionat doirasida o‘tgan blits turnirda u kumush medalni qo‘lga kiritdi.
– Osiyo chempionatida g‘alaba qozonganimdan xursandman, – deydi N.Abdusattorov. – Musobaqadagi har bir o‘yin qiyin kechdi. Shunga qaramay, g‘olib bo‘lish, yaqinlarim va ustozlarimning ishonchini oqlash uchun astoydil harakat qildim va maqsadimga yetdim.
– O‘zbek shaxmatchilarining iste’dod va salohiyati tahsinga loyiq, – deydi hindistonlik shaxmatchi Sarin Nihal. – Ayniqsa, Nodirbek va Javohirning o‘yini menda katta taassurot qoldirdi. Ulardan ko‘p narsa o‘rgandim.
O‘n ikki yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar bahsida qatnashgan Nodirbek Yoqubboyev yetti turdan iborat rapid – tezkor shaxmat bahslarida tojikistonlik Suhrobjon Avvalboyev, hindistonlik Anand Saurabh va Srivatshav Rahul, qirg‘izistonlik Ruslan Sezdbekov, mo‘g‘ulistonlik Otgonbayar Chinguunni mag‘lubiyatga uchratdi. Hindistonlik Aravind Ram va yana bir shaxmatchimiz Muhammadali Abdurahmonov bilan durang o‘ynagan Nodirbek 6 ochko bilan shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.
Iqtidorli shaxmatchimiz blits turnirda kumush, klassik shaxmat bo‘yicha bronza medal bilan ham taqdirlandi. Ushbu yosh toifasida qatnashgan Shamsiddin Vohidov blits turnirda uchinchi o‘rinni egalladi. Qizlar o‘rtasida Dilbar Hamroyeva klassik shaxmat bo‘yicha bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Olti yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar bahsida Abdulbosit Sharifjonov shaxmat bo‘yicha Osiyo chempionligini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Oqjol Rahmatullayev rapid yo‘nalishida oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Sakkiz yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar musobaqasida ham shaxmatchilarimiz munosib ishtirok etdi. Shaxmatning rapid va blits yo‘nalishida jahon chempioni Islombek Sindorov qit’a chempionatining blits turnirida oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Sulton Tursunov kumush medal bilan taqdirlandi. Klassik shaxmat bo‘yicha Olmoz Rahmatullayev ikkinchi o‘rinni egalladi. Qizlar o‘rtasida o‘tgan blits turnirda Maftuna Bobomurodovaga teng keladigani topilmadi. Omina Nazarova rapid yo‘nalishida bronza medalni qo‘lga kiritdi.