O‘zbek jang san’ati ustalari g‘oliblar safida
Almati shahrida yakkakurash sport turlari bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tdi.
Almati shahrida yakkakurash sport turlari bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Unda yigirmadan ziyod davlatdan uch ming nafarga yaqin sportchi milliy yakkakurash sport turlarini namoyish etdi.Musobaqada o‘zbek jang san’ati ustalari ham yakkalik va juftlik bahslarida munosib ishtirok etdi.
Poytaxtimizda shu munosabat bilan tashkil etilgan matbuot anjumanida Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida milliy qadriyatlarimizni tiklash, asrab-avaylash va rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan izchil ishlar samarasida o‘zbek jang san’ati xalqaro miqyosda tan olinayotgani alohida ta’kidlandi.
O‘tgan yillar davomida Fransiya, Italiya, Ispaniya, Rossiya, Litva va Janubiy Koreya, AQSh singari davlatlarda o‘tkazilgan xalqaro musobaqalarda o‘zbek jang san’ati vakillari ham o‘z mahoratini namoyish etdi.
Qozog‘istondagi jahon chempionatida Jonibek Abdurahmonov, Hasan Do‘stboyev, Doston Sattorov, Aslibek Sheraliyev, Sherzod Qurbonov, Jamil Yusupov, Shahboz O‘ktamov, Davron Soliyev, Jasurbek Xolmurodov, Hojiakbar Abdurahmonov, Aziz Abduraimov, Shahzod Abdurazzoqov, Mohigul Yo‘ldosheva, Gulruh Sultonova kabi sportchilarimiz Vatanimiz sharafini himoya qildi.
– Katta sportga qadam qo‘ygan har bir sportchi jahon chempioni bo‘lishni orzu qiladi, – deydi musobaqa g‘olibi Aziz Abduraimov. – Mamlakatimizda sport bilan shug‘ullanish uchun yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar ana shunday ezgu orzularimizni ro‘yobga chiqarmoqda.
Nufuzli musobaqada sportchilarimiz yakkalik, jamoaviy bahslar va ko‘rgazmali chiqish bo‘yicha 27 oltin, 8 kumush va 6 bronza medalni qo‘lga kiritdi.