Oʻzbek-Belarus qoʻshma instituti ochiladi
Bu xorijda Oʻzbekiston bilan hamkorlikdagi birinchi institut sanaladi.
Bu xorijda Oʻzbekiston bilan hamkorlikdagi birinchi institut sanaladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta taʼlim vazirligi matbuot xizmati maʼlum qilishicha, vazir Inomjon Majidov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasining Belorussiya davlatiga ishchi tashrifi davomida bu borada shartnoma imzolandi. Unga koʻra, 2019 yilda Minsk shahrida amaliy mutaxassisliklar boʻyicha kadrlartayyorlovchi Oʻzbek-Belarus qoʻshma instituti ochiladi.
Amaliy mutaxassisliklar instituti Belarus milliy texnika universiteti bazasida tashkil etiladi. Yangi institutda asosan iqtisodiyotning real sektorlarida talab yuqori boʻlgan malakali ishchi mutaxassislarni tayyorlashga alohida eʼtibor beriladi.
Qoʻshma institutga ikki davlat fuqarolari kelgusi oʻquv yilidan boshlab talabalikka qabul qilish rejalashtirilgan. Institutda oʻquv jarayoni xalqaro standartlar asosida ikki davlat oʻquv rejalariga tayangan holda olib boriladi. Bundan tashqari, yangi institut bazasida hamkorlikda ilmiy-tadqiqot ishlari olib boriladigan qoʻshma markaz ham tashkil etiladi.
Belarus milliy texnika universiteti qoshidagi “Politexnik” ilmiy-texnik parkida Inomjon Majidov belaruslik hamkasbi Igor Karpenko bilan uchrashdi. Muloqot davomida oʻzaro hamkorlik masalalari koʻrib chiqilib, uchrashuv yakunida ikki vazirlik oʻrtasida tuzilgan bitimni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” imzolandi.
Muzokaralarda Belarus tomon bilan qurilish, avtoservis va jamoat ovqatlanishini tashkil etish kabi bugungi kunda jamiyatimizda talab yuqori boʻlgan sohalarda malakali kadrlar tayyorlash, koʻp tarmoqli resurs markazlarini yaratish borasida hamkorlikni rivojlantirish masalasi muhokama qilindi.
Inomjon Majidov Belarus davlat informatika va radioelektronika universitetiga ham tashrif buyurib, bu yerda tahsil olayotgan oʻzbekistonlik talabalar bilan uchrashdi. Vazir universitetda taʼlim olayotgan yoshlar bilan muloqot qilib, ularning oʻqishi va yashash sharoiti bilan tanishdi.
Maʼlumot uchun, ayni paytda mazkur universitetda 80 nafar oʻzbekistonlik talaba tahsil olmoqda. Ulardan 62 nafari 1-bosqichda oʻqiydi. Talaba yoshlar vazir bilan muloqotda Toshkentda anʼanaviy tashkil etiladigan xalqaro taʼlim koʻrgazmalari xorijiy oliy taʼlim muassasalari haqida maʼlumot olish imkonini berayotganini eʼtirof etishdi.
Tashrif doirasida mamlakatimiz delegatsiyasining Akademik M.S.Vыsoskiy nomidagi Minsk davlat avtomexanika kolleji, Belarus davlat informatika va radioelektronika universiteti, kasbiy rivojlantirish innovatsiya markazi – informatika va radioelektronika biznes-inkubatori, M.Tank nomidagi Belarus davlat pedagogika universiteti hamda Talabalar shaharchasiga borishi rejalashtirilgan.