OʻZBEK AYOLLARI MATONATI TIMSOLI: “Bu rolni iztiroblarsiz ijro etib boʻlmaydi”
Urush – minglab odamlarning yostigʻini quritgan ofat.
Urush – minglab odamlarning yostigʻini quritgan ofat. Urush talafotlari kirib bormagan, uning jabru jafosidan zarar koʻrmagan xonadon boʻlmasa kerak. Ana shunday iztiroblardan biri urushda besh nafar oʻgʻlidan ayrilgan Zulfiya Zokirovadir. “Oʻzbekkino” MA buyurtmasiga binoan suratga olingan Jahongir Ahmedov rejissyorligidagi “Ilhaq” badiiy filmida bosh ijrochi Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, aktrisa Dilorom Karimova bilan Zulfiya aya obrazi hamda film jarayonlari haqida suhbatlashdik.
- “Ilhaq” badiiy filmiga taklif qilinib, uning ssenariysini oʻqish jarayonida nimalarni his qilgansiz?
- “Ilhaq” badiiy filmiga kastingdan oʻtib, ssenariyni oʻqiyotganimda undagi timsollarga ahamiyat berdim. Hayotning oʻzi timsollarga toʻla. Sanʼatkor esa uni koʻra bilishi, anglay olishi kerak. Bu sanʼatkorning iqtidorini bildiradi. Masalan, urushning boshlanishi tandirda qolib kuyib qop-qora boʻlgan nonlar timsolida berilgan. Bunda urushning falokat, baxtsizlik, fojialigiga ishora qilinmoqda yoki tishlangan nonlarni olmalarni suvda oqishi, uning tepasida ilhaq, moʻltirab turgan ona. Zulfiya ayaning eridan qolgan belbogʻini bogʻlashi. Birorta oʻgʻli urushdan qaytmagach, oʻsha belbogʻni katta kelini bogʻlaydi. Yana bong urilishi sahnasi. Temirdan ishlangan katta bong qishloqqa har gal qora xat kelganda goʻmbirlab ovoz chiqaradi. Mana shu ohang butun film davomida yangrab turadi. Asarning soʻnggi ham urush tugagan, 70-yillar boʻlishiga qaramay yana bong ovozi bilan tugaydi. Ssenariyni oʻqish davomida oʻsha ramz, timsollar menga juda qattiq taʼsir qilgan. Filmdagi har bir detal bekorga ishlanmaganligiga guvoh boʻlasiz. Timsollar oʻziga xos fikr yuritadi, tomoshabinni jiddiy oʻylantiradi. Masalan, shu oxirgi bong urushi hanuzgacha onalarning yaralangan qalbida baxtsizlik urush xavfi borligi haqida ogohlantiradi. Mana shunday timsollarga boy ssenariy menga juda qattiq taʼsir qilgan.
- Zulfiya Zokirova haqida oldin eshitganmisiz? Bu ayol haqida qanday tasavvur paydo boʻldi? Bir oʻzbek ayoli sifatida undagi jasorat haqida nimalar degan boʻlar edingiz?
- Zulfiya Zokirova haqida eshitmagandim. U haqida birinchi boʻlib, rejissyordan eshitdim. Bu ayol bilan rejissyor Jahongir Ahmedov qishloqdosh boʻlgan ekan. Ayol haqida koʻp qarindoshlaridan eshitib, oldindan maʼlumot toʻplab, oʻn yil ilgari asar yozib qoʻygan ekan. Doim buni film qilish fikrida yurar ekan. Yurtboshimiz Zulfiya Zokirova matonati haqida gapirgandan keyin, uning sharafiga gʻalaba xiyobonida monument oʻrnatilish tashabbusidan keyin qoralamalarni ssenariyga aylantirib, ijodiy guruh bilan film qilishga kirishildi. Ssenariy badiiy kengashdan oʻtib, mening rolim tasdiqlangach, rejissyor Zulfiya aya haqida batafsil soʻzlab bergandi. Bunda oʻzbek ayolining jasorati mujassam. Aslida bunday ayollar juda koʻp boʻlgan. Zamon oʻzgarib, ayollarga nisbatan har xil fikrlar paydo boʻldi. Lekin men yoshligimda, ammalarim, buvilarimda ana shunday jasoratni koʻrganman. U ayollar boshqacha boʻlishgan. Ular jasorat qilyapman deb yashamagan. Hozirgi kunimizga taqqoslasak, ularning bor hayoti hammasi jasoratdan iborat boʻlgan ekan. Bular nihoyatda vafodor boʻlishgan. Oʻz oilasiga, turmush oʻrtogʻiga, farzandlariga va albatta, tugʻilgan vataniga, yurtiga sadoqat bilan xizmat qilgan. Zulfiya aya kelinlariga “Men sizlardan roziman. Yaxshi inson boʻlsa, boshqa bilan turmush qurishlaring mumkin”, deganida kelinlari bunga rozi boʻlishmagan. Ular millat qadriyatlarini ardoqlagan ayollar boʻlgan. Ular jasorat qilyapmiz deb oʻylashmagan. Bu ularning yashash tarziga aylangan. Xuddi shunday Zulfiya aya ham oʻsha ayollarning biri hisoblanadi. Alloh bandalariga sabriga qarab sinovlar yuborar ekan. Bu ayolda shu qadar sabr-bardosh, shu qadar iroda kuchli boʻlganki, u beshta farzandi oʻlimini shu qadar matonat, chidam bilan qarshi olganki, ana shu sabr-bardoshi bilan farq qiladi boshqa ayollardan.
- “Ilhaq” filmidagi ona obrazingiz oldingi rollaringizdan nimasi bilan farq qiladi?
- Faoliyatim davomida bir qancha ona rollarini oʻynaganman. Umuman aytganda, ona obrazi, onalik mohiyati bilan bir-biriga juda oʻxshash. Ona yo jizzaki boʻladi, yoki jahldor, yoki farzandlarini tushunmaydi yoki oʻta mehribon boʻladi. Lekin baribir u oʻzini farzandi uchun jon berishga tayyor xilqat. Ona shunday vujud. Farzandlari uchun hamma narsaga tayyor, hatto, oʻlimga ham. “Ilhaq” filmidagi ona obrazi hayotiy voqealigi bilan farq qiladi. Yaʼni Zulfiya aya hayoti voqeaviy haqiqat. Uning suratini koʻrdim. U haqidagi gaplarni eshitdim. Uning oʻgʻillari suratini koʻrdim. U hayotiyligi, matonati bilan avvalgi rollarimdagi ona obrazlaridan tubdan farq qiladi.
- “Ilhaq” filmida urush davrida Zulfiya aya boshiga birin-ketin fojialar kela boshlaydi. Bu tuganmas iztiroblarni ekranda ketma-ketlikda aks ettirish, iztiroblar bir-biriga oʻxshab qolmasligi uchun nimalarga ahamiyat berdingiz?
- Odatda, biror rolda oʻynashdan oldin uning xarakterini chizib chiqaman. Lekin bu rolda men shunchaki yashadim. Goʻyoki, bu voqealar meni boshimda sodir boʻlayotgandek, oʻsha mashʼum urush muhitiga tushib qolgandek taassurotda yashadim. Har bitta voqea insonga oʻz taʼsirini oʻtqazadi. Birinchi shiddat, xursandchilik bilan yoki quvnoqlik bilan gapiriladigan gap baxtsizlikdan keyin uning ohangida koʻz qarashlarida uning yurishida oʻzgaradi. Shuning uchun mana shu ssenariyga qarab, uning hayotida boʻlayotgan oʻzgarishlarga munosabat bildirib bordim. Har bir iztirob jarayonida uning butun holati, ovoz ohangi, koʻz qarashlari, yurishlari, hamma-hammasi oʻzgarib boradi.
- Filmda sizni eng taʼsirlantirgan va eng qiyin kechgan epizod qaysi boʻldi?
- Filmda qiyin kechgan epizod yoʻq-ku, lekin meni juda taʼsirlantirgan epizod bor. Rejissyor bilan birinchi shu film haqida, ona obrazi haqida gaplashganimizda menga birinchi suhbatlarida aytgan gaplari juda qattiq taʼsir qilgan edi. Keyin farzandlaridan ham eshitdim shu xususiyatlarini. Ona oʻzining dardini, azobini berkitib, hech kimga koʻrsatmas ekan. Bolalarim azob tortmasin, bolalarim ortiqcha qiynalmasin deb, kelinlarim atrofdagi odamlar qiynalmasin deb, ona dardini yigʻib-yigʻib, hamma uxlaganda yoki hali uygʻonmasdan sekin chiqib ketar ekan-da, Chirchiq daryosi boʻyiga borib, dodlab-dodlab yigʻlab yuragida yigʻilgan butun alamlari azoblarni oʻsha suvga toʻkib-toʻkib keladi ekan. Rejissyor filmni suratga olishdan oldin ushbu voqeani shunday soʻzlab bergan ediki, menga juda qattiq taʼsir qilgandi va shu epizodni olish jarayonida menga hech qanaqa tushuntirish, rejissyorning koʻrsatmasiga ham hojat qolmadi. Bu epizod uzoqdan olingan kadr boʻlgan. Uzoqdan yurib keladi uyidan chiqib. Umumiy planda olingan kadrda yuz-koʻzlarim koʻrinmaydi. Lekin koʻrinamanmi-koʻrinmaymanmi, bu epizodni shu darajada chuqur his qilib, shu darajada taʼsirlanib ijro etganmanki, oʻsha daryo yoqasiga yurib, “Ey, xudo”, deya Allohga iltijo qilib, vafot etgan oʻgʻillarimni ismini aytib, faryod qilgan joyimda qattiq taʼsirlanganimdan ichimdan qaynab kelayotgan ona faryodi ovozimni boʻgʻib qoʻydi. Rolga astoydil berilib ketganimdan rejissyor kelib, “Dilorom opa nima qilyapsiz? Boʻldi bu epizod olindi. Bu yoqda hali qancha syomkalar bor. Unaqa qiynalmasdan oddiyroq ijro qilsangiz ham boʻlardi”, dedi. Shu yerda men “Bu rolni azoblanmasdan, yigʻlamasdan ijro qilib boʻladimi, Jahongir?”, dedim. Keyin uning taʼsiridan ancha paytgacha chiqa olmadim. Mana shu epizod meni eng taʼsirlantirgan epizodlardan biri boʻlgan.
- “Ilhaq” filmi gʻoyasi sabr-matonat, jasorat haqida. Bugungi kunda xalqimiz boshiga turli sinovlar tushmoqda. Bunday paytda xalqimizga qanday dil izhorlaringizni bildirgan boʻlar edingiz?
- Bugungi kunda butun dunyoda, yurtimizda roʻy berayotgan pandemiya haqida televideniyeda, ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib bormoqdamiz. Baʼzan shunaqa musibat odamlarning qandayligini, insoniy xususiyatlarni koʻrsatib beradi. Kimning qandayligi ayon boʻladi. Urush paytidagiga qaraganda hozir ming marta sharoitlarimiz yaxshi. Oʻsha paytda ularga juda qiyin boʻlgan. Hamma odamlar gʻalaba uchun oʻz hissasini qoʻshgan. Sanʼatkorlar frontlarga borib konsertlar berishgan. Front ortidagilar topgan-tutganini eshelonlarga ortib yuborishgan. Urush qahramonlari esa urush maydonlarida jon olib, jon bergan. Baʼzan toʻqchilik paytda odamgarchiliklar yoʻqolarmikan, deya oʻylayman. Bir-birini dardini anglash yoʻqoladi. Mana shunday sinovli kunlarda oʻzbek millati, oʻzbek xalq kimligini koʻrsatgan. Ular bu ofatlarni yengish uchun birgalikda kurashmoqda. Oʻzbek millati har qanday koʻrgilikka bardoshli, har qanday sinovni mardonavor yengib oʻta oladi. Men bunga ishonaman. Men mana shu matonatli, oliyjanob xalqning farzandi boʻlganimdan gʻururlanaman. Shunday mehridaryo, saxovatpesha xalqim borligidan faxrlanman.