Oʻzbek adabiyoti ogʻir judolikka uchradi
Oʻzbekiston xalq shoiri Omon Matjon shu yil 29-oktyabr kuni 77 yoshida vafot etdi.
Oʻzbekiston xalq shoiri Omon Matjon shu yil 29-oktyabr kuni 77 yoshida vafot etdi.
Omon Matjon 1943-yil 14-fevralda Xorazm viloyatining Gurlan tumanida tugʻildi. 1969-yili Samarqand davlat universitetini tamomladi.
U oʻzining ijodiy va mehnat faoliyatini 1969-yilda Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyotida muharrir sifatida boshladi. Keyinchalik “Yoshlik” jurnali bosh muharriri, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni masʼul xodimi, Davlat matbuot qoʻmitasi (hozirgi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi) raisining oʻrinbosari, “Choʻlpon” nashriyoti direktori hamda “Gulxan” jurnali bosh muharriri lavozimlarida samarali mehnat qilib, milliy adabiyotimiz va matbuotimiz ravnaqiga katta hissa qoʻshdi.
Omon Matjon oʻzining badiiy yuksak sheʼr va dostonlari, dramatik asarlarida ona yurtimiz va xalqimizga, azaliy qadriyatlarimizga mehr va sadoqat tuygʻusini katta mahorat bilan tarannum etdi. Uning sermazmun asarlari xalqchilligi va hayotiyligi bilan adabiyotimiz xazinasidan munosib oʻrin egalladi.
Isteʼdodli shoir qariyb 60 yillik ijodiy faoliyati davomida “Ochiq derazalar”, “Karvon qoʻngʻirogʻi”, “Quyosh soati”, “Yonayotgan daraxt”, “Yarador chaqmoq”, “Haqqush qichqirigʻi”, “Seni yaxshi koʻraman”, “Daraxtlar va giyohlar”, “Oʻrtamizda birgina olma”, “Odamning soyasi quyoshga tushdi”, “Qush yoʻli”, “Iymon yogʻdusi”, “Diydor aziz”, “Haloskor ruh” singari sheʼriy toʻplamlari, “Najmiddin Kubro”, “Gaplashadigan vaqtlar”, “Choʻldagilar”, “Ming bir yogʻdu” kabi dostonlari, “Toʻrabekxonim” nasriy asari hamda “Ardaxiva” maʼrifiy badiasini yaratdi. Jahon adabiyotining Fridrix Shiller, Sharl Bodler, Yevgeniy Yevtushenko, Rasul Hamzatov, Shandor Petefi, Yustinas Marsinkyavichyus, Berdi Kerboboyev, Ibroyim Yusupov singari mumtoz va zamonaviy namoyandalari merosidan qilgan tarjimalari bilan oʻziga xos ijodiy maktab yaratdi. Uning turli janrlardagi asarlari dunyoning bir qator tillariga tarjima qilindi.
Mustaqillik yillarida shoirning ijodiy va ijtimoiy faoliyati yana-da yorqin namoyon boʻldi. Vatanimiz ozodligini, xalqimizning erkin va obod hayotini tarannum etadigan bir qancha yangi sheʼriy va nasriy asarlari, shonli tariximiz, milliy qadriyatlarimiz, buyuk ajdodlarimiz merosini asrab-avaylashga bagʻishlangan kitob va risolalari keng jamoatchilik oʻrtasida katta qiziqish uygʻotdi.
U tajribali ijodkor, jonkuyar tashkilotchi sifatida koʻplab yosh isteʼdod egalariga ustozlik qildi.
Omon Matjonning oʻzbek adabiyoti va sanʼatini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “Oʻzbekiston xalq shoiri”, “Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvonlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti bilan taqdirlangan edi.
Atoqli shoir, mehribon ustoz, samimiy va kamtarin inson Omon Matjonning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi,
Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi