O‘yinchoq ishlab chiqarish istiqbollari
Poytaxtimizda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan “Respublikamizda bolalar o‘yinchoqlarini ishlab chiqarishni kengaytirish va kelajakda tarmoqni yanada rivojlantirish” mavzuida davra suhbati tashkil etildi.
Poytaxtimizda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan “Respublikamizda bolalar o‘yinchoqlarini ishlab chiqarishni kengaytirish va kelajakda tarmoqni yanada rivojlantirish” mavzuida davra suhbati tashkil etildi.Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Bojxona qo‘mitasi, “O‘standart” agentligi mas’ullari, tadbirkorlik subyektlari vakillari, mutaxassislar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A.Shayxov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga qaratilgan izchil islohotlar samarasida bolalar o‘yinchoqlarini ishlab chiqarish tarmog‘i jadal rivojlanib, mahsulotlar raqobatbardoshligi ortib borayotganini ta’kidladi.
Bolalarning harakatlanish va aqliy imkoniyatlarini ruyobga chiqarishda muhim poydevor vazifasini o‘taydigan o‘yinchoqlar yosh avlodning tashqi dunyoni anglashi, yaxshilik va ezgulik kabi tushunchalarning shakllanishida muhim vositalardan biri hisoblanadi.
Bugungi kunda mamlakatimizda 32 korxonada bolalar o‘yinchoqlari ishlab chiqarilmoqda. Mahalliylashtirish dasturiga muvofiq 2014-2016-yillarda ko‘plab turdagi yangi mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish ko‘zda tutilgan bo‘lsa, 2015-2019-yillarga mo‘ljallangan dasturdan ikki va uch oyoqli velosiped, bolalar qo‘g‘irchoqlari va avtomobillari, plastmassa o‘yinchoqlar singari mahsulotlar o‘rin olgan.
Bolalar o‘yinchoqlarini ishlab chiqarishda davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarini kengaytirish, bu boradagi mavjud imkoniyatlar, xususan, ilmiy-texnikaviy, ijodiy va ishbilarmonlik sohalaridagi salohiyatdan samarali foydalanish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan mexanizmlarni takomillashtirish muhim ahamiyatga ega.
– Biz atlas, adras va boshqa milliy matolardan milliy o‘yinchoqlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganmiz, – deydi farg‘onalik tadbirkor, «Oydinoy qo‘g‘irchoqlari» oilaviy korxonasi rahbari Oydin Burhonova. – Xalqimizning ko‘p asrlik an’analari ruhida ishlangani bois mahsulotlarimizga qiziqish ortib bormoqda.
Tadbirda raqobatbardosh bolalar o‘yinchoqlarini ishlab chiqarishni yanada kengaytirish import hajmining qisqarishi, ichki bozorlarimizni mahalliy mahsulotlar bilan to‘ldirish hamda mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilarining eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Tadbirkorlar savollariga mutaxassislar batafsil javob qaytardi.