O‘simliklarni zararkunandalardan himoyalash – dolzarb vazifa
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasida “Qishloq xo‘jalik o‘simliklarini zararkunandalar, kasalliklar va begona o‘tlardan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni normalarining Respublika o‘simliklarni himoya qilish va agrokimyo markazida bajarilishini o‘rganishga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasida “Qishloq xo‘jalik o‘simliklarini zararkunandalar, kasalliklar va begona o‘tlardan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni normalarining Respublika o‘simliklarni himoya qilish va agrokimyo markazida bajarilishini o‘rganishga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.Tadbirda deputatlar, Qishloq va suv xo‘jaligi, Moliya, Adliya, Iqtisodiyot vazirliklari, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti mas’ul xodimlari, Fanlar akademiyasi olim va mutaxassislari ishtirok etdi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, zararkunandalarga qarshi biologik usulda kurash ishlarining samarali tashkil etilishi natijasida ekinlardan olinayotgan yalpi mahsulot miqdori ortib, sifati yaxshilanmoqda. Shu yilning 5-6-iyun kunlari Toshkentda o‘tkazilgan “O‘zbekistonda oziq-ovqat dasturini amalga oshirishning muhim zaxiralari” mavzusidagi xalqaro konferensiyada ham bu alohida ta’kidlandi.
O‘simliklarni himoya qilish vositalarini yetkazib berish, qo‘llash va samaradorligini tahlil qilish Respublika o‘simliklarni himoya qilish va agrokimyo markazi tomonidan ishlab chiqilgan kimyoviy va biologik mahsulotlarga buyurtmanomalarni shakllantirish, qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilarni ular bilan ta’minlash, biolaboratoriyalarda biomahsulotlarni ko‘paytirish va fermer xo‘jaliklariga yetkazib berish hamda qo‘llash tartibi kabi hujjatlar asosida amalga oshirilmoqda. Bunda inson va jonzotlar, atrof-muhit uchun bezarar biologik kurash usullarini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Natijada biologik usulni qo‘llash 2004-yilda 1,6 million gektarni tashkil etgan bo‘lsa, 2013-yilga kelib 2 million gektardan oshdi.
Ekspertlarning fikricha, o‘simliklarni zararkunandalar, kasalliklar va begona o‘tlardan himoya qilishda qonun normalari ijrosi to‘la ta’minlanishi agrar sohaning yanada rivojlanishiga, fermer va dehqon xo‘jaliklarining iqtisodiy barqarorlikka erishishi, atrof-muhit va aholi salomatligini muhofaza qilish, ekologik sof mahsulotlar yetishtirishda muhim o‘rin tutadi.
Tadbirda o‘simliklarni zararkunandalar, kasalliklar va begona o‘tlardan himoya qilish bugungi kun talablariga to‘la mos darajada takomillashtirilishi, xorijiy davlatlar qonunchiligidagi ilg‘or tajribadan foydalanish masalalari xususida atroflicha so‘z yuritildi.