Oʻrim-yigʻimga tayyorgarlik
Ayni kunlarda fermerlarimiz tomonidan gʻalla oʻrim yigʻimiga tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilgan.
Ayni kunlarda fermerlarimiz tomonidan gʻalla oʻrim yigʻimiga tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilgan. Xususan, gʻalla maydonlari, donni qayta ishlash va qabul qilish korxonalari hamda oʻrim kombaynlarining mavsumga shayligi doimiy nazoratga olinib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha tegishli choralar koʻrib borilmoqda.
Bugungi kunda viloyatda gʻalla ekilgan 38039 gektar maydonda yetishtirilgan hosilni oʻz vaqtida yigʻishtirib olish maqsadida 105 ta oʻrim kombaynlarning ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Navoiy viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati maʼlumotiga koʻra, viloyat hududidagi ikkita donni qayta ishlash korxonalari va 5 ta don qabul qilish shahobchalarining yongʻinga qarshi holati oʻrganilganda mutaxassislar tomonidan aniqlangan 48 ta kamchilikning 29 tasi joyida bartaraf etilgan. Mavsum davomida esa “Oʻrtachoʻl” hamda Xatirchi tumanidagi markaziy don qabul qilish maskanlariga yongʻin oʻchirish ekipajlari hamda doimiy navbatchilik tashkil etilishi koʻzda tutilgan.
– Bundan tashqari viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan barcha tegishli obyektlarga 6 xil koʻrinishdagi 760 dona eslatma varaqalari ishlab chiqilib, joylarga tarqatildi. Shuningdek, soha xodimlari tomonidan aynan gʻalla oʻrim-yigʻimiga jalb etiladigan texnikalarda yongʻin xavfsizligini taʼminlash borasida 250 nafarga yaqin ishchi-xizmatchilar bilan turli koʻrinishdagi tushuntirish, suhbat va yoʻriqnomalar oʻtkazildi, – deydi matbuot kotibi mayor M.Qulboboyeva.
Albatta, dehqonlarimizning peshona teri evaziga yetishtirilayotgan hosilning nobudgarchiliklarga yoʻl qoʻymasdan yigʻishtirib olinishi dasturxonimiz toʻkinligini taʼminlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Abduvali Boʻriyev,
jurnalist