O‘quvchilarga Yangi yil sovg‘asi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining yangidan bunyod etilgan sport zali foydalanishga topshirildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining yangidan bunyod etilgan sport zali foydalanishga topshirildi.Prezidentimiz rahnamoligida bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida olis qishloq va ovullarda ham muhtasham va zamonaviy sport inshootlari barpo etilmoqda. O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasining moliyaviy ko‘magida qad rostlagan mazkur sport zali ham ana shu e’tiborning yorqin namunasidir.
“Nukussantexmontaj” mexanizatsiyalashgan ko‘chma kolonnasi quruvchilari tomonidan qariyb 600 million so‘m mablag‘ evaziga bunyod etilgan sport zalida barcha sharoit yaratilgan. Mashg‘ulotlar o‘tkazish, yuvinish, shifokor va murabbiylar xonalari zamonaviy jihozlangan.
– 12x24 metr hajmdagi yangi sport zali jamg‘arma tomonidan 32 turdagi sport anjomlari bilan ta’minlandi, – deydi Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi Mo‘ynoq tumani vakili Ruslan Jusipboyev. – Bu yerda o‘quvchilarning sport bilan shug‘ullanishi uchun barcha sharoit mavjud. Ayni paytda tumanda 1 ming 430 dan ortiq yosh sport bilan shug‘ullanmoqda. Sport bilan muntazam shug‘ullanuvchi 500 ga yaqin bolaning 218 nafari qizlardir.