Kelib chiqishi Janubiy Osiyoga taqaladigan 33 yoshli musulmon yigit Zuhron Mamdaniy ichki raqobatda sobiq gubernator Endryu Kuomoni mag‘lubiyatga uchratib, siyosiy kuzatuvchilarni hayratga soldi.
Agar shtat assambleyasi a’zosi Mamdaniy noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan mer saylovida g‘alaba qozonsa, ilk hind-musulmon mer sifatida Nyu-York tarixiga kiradi.

Iste’foga chiqqan sobiq gubernator Kuomo qo‘ng‘iroq qilib Mamdaniyni tabriklagach, Manxettendagi tadbirda nutq so‘zladi:
– Bugun vakil Mamdaniyning g‘oliblik oqshomi. U yoshlarga kuchli ta’sir o‘tkaza oldi, odamlarni ilhomlantirdi, harakatga keltirdi, tashqariga chiqish va ovoz berishga majbur qildi. Umuman, haqiqatan juda samarali kampaniya olib bordi.

Siyosiy ekspertlar fikricha, bu voqea hamon 2024 yilgi prezidentlik va qonunchilik saylovlaridagi mag‘lubiyatdan qutulishga urinayotgan Demokratik partiya uchun jiddiy saboq bo‘lishi mumkin.

Xo‘sh, Zuhron Mamdaniy kim? U nima va’dalar bergan, demokratlar praymerizida g‘olib chiqish uchun so‘rovnomalardagi bashoratlarni qay tarzda yo‘qqa chiqardi? Bu yilgi saylov kampaniyasidagi asosiy masala – G‘azo bo‘yicha uning qarashi qanday? Umuman, Demokratik boshlang‘ich saylov nimasi bilan esda qoldi?
Nyu-York shahrida Demokratik partiyadan merlik uchun o‘tkazilgan praymerizning birinchi bosqichida Mamdaniy 43,5 foiz yoki qariyb 432 000 ovoz bilan yetakchilik qildi, Kuomoni esa 36,4 foiz yoki 361 800 uishi qo‘lladi.
Yana bir ilg‘or raqib – nazoratchi Bred Lender 11,3 foiz bilan uchinchi o‘rinni egalladi, qolgan ovozlar boshqa kichik nomzodlar orasida taqimlangan.
Hech bir nomzod 50 foizdan ko‘p ko‘rsatkichga erisha olmagach, reyting tizimi ishga tushdi. Eng kam ovoz olgan nomzodlar keyingi turlarni o‘tkazib yuboradi, ularning keyingi tanlov tarafdorlari imtiyozi qayta taqsimlanadi.
Mamdaniyning g‘alabasi kutilganmi? Aniq emas. Dastlabki bosqichdan bir necha hafta oldin aksariyat yirik so‘rovlar Kuomo favoritligini bashorat qilgan. Saylov yaqinlashganda esa Mamdaniyni qo‘llab-quvvatlovchilar ortib boravergan.
Praymerizdan atigi olti kun oldin o‘tkazilgan “Marist Poll” so‘rovida ham Kuomo birinchi saylovchilarning 38 foiz ovoz bilan yetakchilik qilgan, Mamdaniy 27 foiz bilan ortda edi. Shuningdek, reytingli tanlov natijasi simulyatsiya qilindi va Kuomo keyingi turlarda 55 foiz – ko‘pchilik ovoz to‘plashi bashorat qilindi.
Endryuning otasi Mario Kuomo ham shtatda gubernatorlik qilgan. Uning yaxshi moliyalashtirilgan kampaniyasi butun shahar bo‘ylab efir va pochta qutilarini to‘ldirdi. Shunga qaramay, Zuhronning ko‘ngillilar, kichik xayriyachilar va yosh saylovchilarning yuqori faolligi bilan ta’minlangan ommaviy kampaniyasi hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. U Nyu-York ishchilar sinfini, Kvins, Bruklin va Manxettenning ba’zi hududlarini nishonga oldi.
Kuomo va boshqa demokratlar Mamdaniyni merlikka nomunosib, deya tanqid qilib, shaharning murakkab byurokratiyasi va inqirozni samarali boshqarish uchun ma’muriy tajribaga ega emasligini ta’kidlagan.
Zuhron Mamdaniy kim?
33 yoshli demokrat-sotsialist Zuhron Kvame Mamdaniy ugandalik akademik Mahmud Mamdaniy va hind kinorejissyori Mira Noirning o‘g‘li.
Kampalada tug‘ilgan Zuhron yetti yoshida oilasi bilan Nyu-Yorkka ko‘chgan. U dastlab Men shtatidagi Budoin kollejida Afrika tadqiqoti bo‘yicha bakalavr darajasini oldi. Siyosatga kirishdan oldin uy-joy masalasi bo‘yicha maslahatchi bo‘lib ishlagan, kam ta’minlangan oilalarga evakuatsiyadan qutulishda yordam bergan. 2020 yil Nyu-York assambleyasiga saylovda Kvins va Astoriya shtatlaridan 36-okrug vakili etib saylangan.Shu yil boshida Bruklinda istiqomat qiluvchi 27 yoshli suriyalik rassom Rama Duvajiga uylandi. Uning ishlari “The New Yorker”, “The Washington Post”va “VICET” kabi nashrlarda e’lon qilingan.
Asosiy va’dasi
Mamdaniyning dasturi boylikni qayta taqsimlash, davlat xizmati ro‘yxatini kengaytirish va shahar hayotini o‘zgartirishga qaratilgan o‘ziga xos ilg‘or siyosiy yo‘lni aks ettiradi. Asosiy takliflaridan biri 2027 yilga qadar shahar jamoat transportini to‘liq bepul qilish. U avtobuslar tekin yurishi haydovchi soni ko‘payishiga olib kelib, ularga hujum qilish holatlarini keskin kamaytiradi, deb hisoblaydi.
Uy-joy muammosi Mamdaniy platformasining yana bir ustun jihati bo‘lib, u barcha ijaraga olingan kvartiralar to‘lovini muzlatish taklifini kiritgan. Shuningdek, davlat mulki hisoblanadigan doimiy arzon uy-joy quradigan Ijtimoiy uy-joyni rivojlantirish agentligi yaratishni rejalashtirmoqda. Da’vogar ijarachilarni himoya qilishni kuchaytirishga chaqirib, shahar mulkidagi uy ijarasi haqini oshirish bekor qilinishiga so‘z bergan.
Mamdaniy har bir mahallada bittadan oziq-ovqat do‘koni ochish tarafdori. Maktabda bepul ovqatlanish, shahar kollejlarini qamrab olish va bolalarni har tomonlama parvarishlash, erta ta’lim dasturlari ko‘damini kengaytirish niyatida.
Bu vazifalarni bajarish uchun Mamdaniy yirik soliq islohoti o‘tkazmoqchi: korporativ soliq stavkasini 7,25 foizdan 11,5 foizga oshirish va yiliga 1 million dollardan ortiq daromad olganlarga 2 foizlik qo‘shimcha to‘lov joriy etish. Uning saylov oldi tashviqotida bu chora-tadbirlar yiliga 9,4 milliard dollar to‘plash imkonini beradi, deya ta’kidlangan.
Mamdaniy mer bo‘la oladimi?
Nyu-York meri uchun umumiy saylov 4 noyabrga belgilangan. Mamdaniy 2021 yilgi poygada sezilarli farq bilan mag‘lub bo‘lgan respublikachi Kertis Sliva bilan kurashadi.
Birlamchi natija rasman e’lon qilingach, Mamdaniy noyabrdagi saylov uchun Demokratik partiyadan nomzod bo‘ladi. Nyu-Yorkda demokratlar mutlaq, aniqrog‘i oltidan bir hissa ko‘pligini hisobga olsak, u shaharning keyingi meri bo‘lish uchun yaqqol favorit ekani ayonlashadi.
Nyu-York meri saylovida g‘alaba qozongan so‘nggi respublikachi Maykl Blumberg 2001yil shunday muvaffaqiyatga erishgan.U avvaliga respublikachi sifatida poygada g‘olib chiqqan, keyinroq – 2007 yil ikkinchi muddati davomida mustaqil maqomga o‘tgan.
Muharrama Pirmatova tayyorladi. O‘zA