“Kelajak pakti” nomli hujjatdan barqaror rivojlanish, xalqaro xavfsizlik, ilm-fan, texnologiya va innovatsiya sohasida hamkorlik, yoshlar hamda global boshqaruvni o‘zgartirish kabi mavzular o‘rin olgan.
2024 yil 22 sentyabr kuni Nyu-Yorkda joylashgan BMT qarorgohida muhim masalalar bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash va global boshqaruvdagi bo‘shliqlarni bartaraf etish, jumladan Barqaror rivojlanish maqsadlari va BMT Nizomini yangilashga qaratilgan “Kelajak sammiti” boshlandi.
Birinchi kun qator davlatlar yetakchilari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar, mavjud majburiyatlarni bajarishga kelishib olindi. Anjuman ishtirokchilari, shuningdek, “Kelajak pakti”ni rasman qabul qildi.

Bosh kotib Antoniu Guterrish tuzilma faoliyatida muhim hisoblangan mazkur hujjat tinchlik va xavfsizlikka erishish yo‘lida yangi imkoniyatlarga yo‘l ochadigan, xalqaro hamkorlikni isloh qilish va adolatli dunyo qurish sari tashlangan muhim qadamligini ta’kidladi.
– 2024 yil 22 va 23 sentyabr kunlari jahon yetakchilari, fuqarolik jamiyati va ekspertlar sammitda to‘planib, “Kelajak pakti”ni muhokama qilar ekan, dengiz sathi ko‘tarilishidan tortib, to ocharchilikka barham berishgacha bo‘lgan dolzarb muammolar ustida ishlaydi, – deyilgan BMT saytida berilgan xabarda.
Bosh Assambleya prezidenti Filemon Yang tomonidan rasman e’lon qilingan “Kelajak pakti”ga qarshilik bildirganlar ham bo‘ldi. Ayrim manbalar “Rossiya hujjatni qaytarishga urindi” mazmunida yozyapti. Umumiy qarorga Belarus, Nikaragua, Shimoliy Koreya va Suriya ham qarshi chiqqani aytilgan.

“Deutsche Welle” axborot agentligi RF bir ovozdan qabul qilinishi kerak bo‘lgan kelishuvdan uzoqlashganini ta’kidlagan:
– Kelishuvni tasdiqlash marosimi avvalida Moskva vakili – tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Vershinin rejadan tashqari so‘zga chiqishni so‘radi va hujjat matniga qo‘shimcha kiritish zarurligini aytdi. Siyosatchi ovoz berishsiz tasdiqlanishi lozim bo‘lgan hujjat 193 mamlakat tomonidan rasman ma’qullanishini shubha ostiga qo‘ydi. Vershinin, agar Rossiya talab qilgan tuzatish “Kelajak pakti” matniga kiritilmasa, ushbu hujjat bo‘yicha konsensusdan chekinishi bilan tahdid qildi.
Qayd etilishicha, shartnomaning murosali shaklidan rozi bo‘lmagan mamlakatlarga muhokama uchun imkon berilmagan.
Germaniya va Namibiya vositachiligida ishlab chiqilgan BMTni isloh qilish rejasi Kongo vakili RF so‘rovini ko‘rib chiqmaslik taklifini kiritgach, 143 davlat roziligi bilan qabul qilindi.

Endi xalqaro tuzilma faoliyatini yanada samarali qilish, o‘n yillar oldin yaratilgan institutlar, jumladan Xavfsizlik Kengashini isloh qilish chorasini ko‘rish kutilyapti.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bosh kotib BMTda islohot o‘tkazishga chaqirib, bu davlatlar hamjamiyatining ko‘plab inqirozli holatlar, urushlar sharoitida birga harakatlanishi, shuningdek dunyodagi har bir vaziyatda adolat qaror topishi uchun zarurligini ta’kidlagandi.
BMTni isloh qilish zarurati, xususan XKda veto huquqini bekor qilish talabi Kengashning doimiy a’zosi bo‘lgan Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy amaliyoti asnosida kuchaygan.
Nyu-Yorkda 10 sentyabr kuni boshlangan Bosh Assambleya 79-sessiyasi 30 sentyabrga qadar davom etadi.
Behruz Xudoyberdiyev tayyorladi.
O‘zA