Nurotada sun’iy suv yig‘ish havzasi qurilishi boshlandi
Navoiy viloyati, Nurota tumanida suv zaxiralarini ko‘paytirish va suv resurslaridan samarali foydalanish maqsadida Jarma mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi “Qulamajarsoy” soy yo‘lida sun’iy suv yig‘ish havzasi qurilishi loyihasi boshlandi.
Ushbu loyiha Davlatimiz rahbarining 2026-yil 2-apreldagi “Qishloq va suv xo‘jaligi muhandislarini tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.

Qiymati 3,3 milliard so‘m bo‘lgan loyiha hududda suv ta’minoti bilan bog‘liq muammolarni bosqichma-bosqich hal etish, aholi va fermer xo‘jaliklariga qarashli yer maydonlarini barqaror sug‘orish hamda yer osti suvlari sathini tiklashga qaratilgan.
Ayni paytda “Suv loyiha” MCHJ tomonidan loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilib, qurilish ishlari boshlab yuborildi.

Loyiha doirasida soy suvlari to‘planib, tindiriladi va filtrlab yer osti suv qatlamlariga yo‘naltiriladi. Natijada yer osti suv zaxiralarini to‘ldirish, qishloq xo‘jaligi yerlarini suv bilan ta’minlash va suv resurslaridan samarali foydalanish imkoniyati kengayadi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri