Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov Nurota tumanida bo‘lib, aholi farovonligi yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar, bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Bugungi kunda “Nurota Agro Parranda” MCHJda aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida “Loman Sendi” zotiga mansub 22 ming bosh go‘sht yo‘nalishidagi parranda parvarishlanmoqda.

“Loman Sendi” zoti Germaniyada seleksiya qilingan bo‘lib, yuqori samaradorlik va tez o‘sish qobiliyati bilan ajralib turadi. Ushbu zot mahalliy sharoitlarga moslashuvchan bo‘lib, mahsuldorligi bilan boshqa zotli parrandalardan ajralib turadi.
Suhbat jarayonida parrandalarni saqlash sharoitlari, oziqlantirish tizimi, veterinariya xizmati va mahsuldorlik ko‘rsatkichlari tahlil qilindi.

“Zafarjon nurli bog‘lari” MCHJ chorvachilik, dehqonchilik va bog‘dorchilik sohalarida faoliyat olib boradi. Xo‘jalikda zamonaviy chorvachilik kompleksi qurilgan. Dehqonchilikda samaradorlikni oshirish maqsadida ilg‘or agrotexnologiyalar joriy etilgan bo‘lsa, bog‘dorchilikda yuqori hosil beradigan meva navlari yetishtirilmoqda.
MCHJda energiya tejamkorligini ta’minlash maqsadida quvvati 120 kVt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilgan bo‘lib, bu elektr energiyasi xarajatlarini sezilarli darajada kamaytirishga xizmat qilyapti.

Hozir tumanda turizm sohasini rivojlantirish, sayyohlar oqimini keskin oshirish, yangi turizm ob’ektlarini tashkil etish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Viloyat hokimi Chuya mahallasidagi “Maftunkor Nurota bog‘lari” MCHJ tomonidan tashkil etilayotgan kapsulali uylardan iborat dam olish maskanida bo‘lib, turizm yo‘nalishida olib borilayotgan yangi loyihalar bilan yaqindan tanishdi. Mahalla hududida barpo etilayotgan mehmon uylari, eko-turizm ob’ektlarini ko‘zdan kechirdi.
Shuningdek, mahalla aholisi va tadbirkorlar bilan muloqotda bo‘lib, ularning taklif va muammolarini tinglash bilan birga tadbirkorlikni kengaytirish, turizm infratuzilmasini yaxshilash va aholining turmush darajasini oshirishga doir takliflarni bildirdi.

Ta’kidlash o‘rinliki, Chuya qishlog‘i so‘nggi yillarda minglab mahalliy va xorijiy sayyohlarni jalb etayotgan diqqatga sazovor maskanlardan biriga aylanmoqda. Bu yerda sayyohlar uchun qulaylik yaratish maqsadida kempinglar, ko‘ngilochar maskanlar, uy mehmonxonalari kabi turistik infratuzilmalar barpo etilmoqda. Loyihalardan biri sifatida hududda sayyohlar uchun dor yo‘lini qurish ham rejalashtirilgan bo‘lib, bu kelgusida qishloqning turizm jozibadorligini yanada oshiradi.
Ayni paytda qishloqqa “Turizm qishlog‘i” maqomini berish yuzasidan amaliy ishlar boshlab yuborilgan.
Hududda aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, maktabgacha ta’lim tashkilotlariga bolalar qamrovini oshirishga ham alohida e’tibor qaratilgan.

Chuya mahallasidagi 15-oilaviy poliklinika 3750 nafardan ortiq aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.
Poliklinikada bo‘lgan viloyat rahbari aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati bo‘yicha shifokorlar bilan muloqotda bo‘lib, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishda olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi hamda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.
Ayni paytda Qadoq mahallasida joylashgan Nog‘ora qishlog‘ida yangi maktabgacha ta’lim muassasasi qurilmoqda. Loyihaga ko‘ra, ushbu maktabgacha ta’lim tashkiloti 60 o‘ringa mo‘ljallangan. Hozir qurilish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Mazkur bog‘chaning foydalanishga topshirilishi tog‘li hudud aholisi, ayniqsa, ota-onalar uchun bir qator qulayliklar yaratishi bilan ahamiyatlidir.

O‘rganishlar davomida viloyat hokimi Qirhovut qishlog‘ida joylashgan oilaviy shifokorlik punkti va “Chashma” ziyoratgohida bo‘lib, olib borilayotgan ishlar bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri