Nuroniylarga moddiy yordam ko‘rsatildi
“Nuroniy” jamg‘armasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi, Amudaryo tumani Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi vakillari tumandagi yakka-yolg‘iz, ijtimoiy himoyaga muhtoj va uyda yotib qolgan nuroniylar holidan xabar olib, ularga moddiy yordam ko‘rsatdi.
– Mamlakatimizda keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat, mahalla va oilalarda tinchlik, osoyishtalik, mustahkamligini ta’minlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarimiz, an’analarimizga sodiqlik ruhida tarbiyalashdagi rolini yanada oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Amudaryo tuman Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i maslahatchisi Bahodir Boltaboyev. – Shuningdek, davlatimiz tomonidan yakka-yolg‘iz va ijtimoiy himoyaga muhtoj nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ular tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatib kelinmoqda.
Tumandagi yakka-yolg‘iz, ijtimoiy himoyaga muhtoj va uyida yotib qolgan 15 nafar nuroniyning har biriga 300 ming so‘mdan pul mablag‘i topshirildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA