FOTOREPORTAJ
Surxondaryo viloyatida nuroniylarga ehtirom ko‘rsatish, ularning boy hayotiy tajribasini qadrlash, yosh avlodni tarbiyalashdagi o‘rnini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zero, yoshi ulug‘ kishilarning hayotiy tajribasi jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni saqlash, milliylikni asrash va ezgulikni targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ezgu an’ana sifatida Termiz shahridagi “Nuroniylar choyxonasi”da faol otaxonu onaxonlar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Shuningdek, muloqotda viloyatning turli hududlaridan nuroniylar onlayn tarzda ishtirok etdi.
Uchrashuv avvalida viloyat rahbari hududda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, aholining turmush darajasini oshirishga qaratilgan keng qamrovli loyihalar haqida to‘xtalib o‘tdi. Bu yutuqlarda nuroniylarning duosi, maslahat va ko‘magi beqiyos ekani alohida ta’kidlandi.
Tadbir davomida nuroniylar bilan doimiy muloqot o‘rnatish, ularning fikr va takliflarini tinglash muhimligi qayd etildi.
[gallery-24012]
Uchrashuv samimiy va do‘stona ruhda o‘tdi. Nuroniylar uchun maxsus konsert dasturi namoyish etildi, madaniy chiqishlar barchaga bayramona kayfiyat ulashdi. Yakunida otaxonu onaxonlar yurt tinchligi, xalqimiz farovonligi va el-yurt ravnaqini so‘rab duo qildi.
Bu kabi uchrashuvlar xalq bilan bevosita muloqot, nuroniy avlodga hurmat va ehtirom ko‘rsatishning amaliy ifodasi bo‘lib xizmat qiladi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA