Nuroniylar umr yo‘li – asl hayot maktabi
Navoiy viloyati Uchquduq tumanidagi “Yo‘lchilar” ovulida nuroniylar, faxriylar va yoshlar ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” tashkil etildi.
Mamlakatimizdagi barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlar yurtdoshlarimizda ertangi kunga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlamoqda.
Ayniqsa, yoshi ulug‘ insonlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, mehnat faxriylarini e’zozlash, yoshlarga esa o‘z imkoniyatlarini namoyish etishlari uchun sharoit yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

– Ko‘p yillik halol mehnati, vatanparvarligi, fidoyiligi va tashabbuskorligi bilan alohida ibrat ko‘rsatib kelayotgan yuzlab tumandoshlarimizning ko‘ksini turli darajadagi davlat mukofotlari – orden va medallar bezab turibdi, – deydi Shimoliy kon boshqarmasi direktori Ne’matillo Axadov. – Ular doim hayotiy maslahatlari va tajribasi bilan yo‘l-yo‘riq ko‘rsatib keladi. Bu esa yoshlarimizga har tomonlama kuch-quvvat bag‘ishlab, yanada shijoat bilan mehnat qilishga, o‘qib-o‘rganishga undaydi.

“Uch avlod uchrashuvi”da uchquduqlik faol, fidoyi, jonkuyar nuroniy va faxriylar o‘z hayot yo‘li, tajribasini yoshlarga so‘zlab berdi.
Tadbir so‘ngida nuroniylarga esdalik sovg‘alari topshirildi.
“Uchquduq” hamda “Qizilqum” madaniyat uyi badiiy jamoalari tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA