Nuroniylar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi
Sirdaryo viloyati Shirin shahar tibbiyot birlashmasi tomonidan "Keksalar haftaligi" doirasida "Do‘stlik", “Amir Temur”, “Mirzo Ulug‘bek” hamda “Farhod” mahallasida istiqomat qilayotgan nuroniylar uchun chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik o‘tkazildi.
Tibbiyot xodimlari ijtimoiy himoyaga muhtoj, xastaligi sabab uyda yotib qolgan otaxon va onaxonlar holidan xabar olib, belgilangan tartibda yordam ko‘rsatdi.

– Biz bu bilan chegaralanib qolmaymiz, – deydi Shirin shahar tibbiyot birlashmasi bosh hamshirasi, Adolat sotsial demokratik partiyasi Shirin shahar Kengashi deputati Fotimaxon Egamberdiyeva. – Shahar tibbiyot birlashmasida ishlayotgan tor soha mutaxassislari, oila shifokori, patronaj hamshiralar otaxon va onaxonlar salomatligini tekshirdi va qayta xatlovdan o‘tkazdi. Natijaga qarab, ba’zi nuroniylar davolanish uchun shahar va viloyat shifoxonalariga yo‘naltirildi, ayrimlariga malakali mutaxassislar tomonidan ambulator sharoitda davolanish uchun tavsiya berildi.

Shu bilan birga, shahar Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi hamda "Mahalla" xayriya jamoat fondi xodimlari bilan hamkorlikda "Keksalar haftaligi" doirasida joylarda keksa otaxon va onaxonlar o‘rtasida shaxmat-shashka bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi.

“Aql charxi”da g‘olib va sovrindor bo‘lganlarga sovg‘alar taqdim etildi.
Shuhrat Suyarov,O‘zA