Nurman Ismoilov – eng yaxshi hunarmand
Xo‘jayli tumanidagi «Odilbek» ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi rahbari Odilbek Abdurahmonov «Tashabbus – 2015» ko‘rik-tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida “Eng yaxshi fermer” yo‘nalishi bo‘yicha g‘olib bo‘ldi.
Xo‘jayli tumanidagi «Odilbek» ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi rahbari Odilbek Abdurahmonov «Tashabbus – 2015» ko‘rik-tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida “Eng yaxshi fermer” yo‘nalishi bo‘yicha g‘olib bo‘ldi.Chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligining 50 gektar maydonida paxta, 10 gektarida bug‘doy va 35 gektarida poliz ekinlari ekiladi. 41 bosh qoramol, 100 bosh qo‘y-echki, 300 tovuq parvarishlanayotgan xo‘jalikda 30 ga yaqin kishi mehnat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkazilayotgan an’anaviy “Tashabbus” ko‘rik-tanlovi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi, xususan, fermerlik harakati hamda milliy hunarmandlikni rivojlantirish, qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Tanlovning tuman va shahar bosqichlarida ishtirok etgan 700 ga yaqin ishtirokchidan 44 nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida 800 xilga yaqin mahsulot va xizmat turlarini namoyish etdi.
Beruniy tumanidagi “Olloyorov Qurbonboy” bog‘dorchilik fermer xo‘jaligi tomonidan tanlovga 40 turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari taqdim etildi.
– O‘tgan yili 70 tonna meva yetishtirdik, – deydi fermer xo‘jaligi rahbari Oygul Reymboyeva. – O‘n besh xil mevadan tashqari, poliz va sabzavot mahsulotlari ham yetishtiramiz. O‘tgan yil hosilidan olingan 14 million so‘m daromad hisobidan xo‘jaligimizga “Damas” avtomashinasi xarid qildik. Joriy yilda yetishtirilgan mahsulotning yarmini eksport qilishni rejalashtirganmiz.
Qo‘ng‘irot tumanidan “Qoraqalpoq delikatesi” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Maqsud Tursunov “Eng yaxshi tadbirkor”, Chimboy tumanidan Nurman Ismoilov “Eng yaxshi hunarmand” yo‘nalishlari g‘olibi sifatida tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.
“Eng yaxshi yosh tadbirkor”, “Eng yaxshi tadbirkor ayol”, “Eng yaxshi innovatsion loyiha”, “Eng yaxshi eksportchi”, “Yoshlarga eng ko‘p ish o‘rni yaratgan tadbirkor” kabi o‘ndan ortiq nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlanib, taqdirlandi.