“Nurli maskan”da “Bilimlar kuni” nishonlandi
Buxoro shahridagi 24-sonli ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchilar uchun maxsus maktab-internatida “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida “Bilimlar kuni” bayram tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda Ijtimoiy himoya milliy agentligi viloyat boshqarmasi mas’ul vakillari, maktab-internat rahbar-xodimlari, o‘quvchilar va ularning ota-onalari qatnashdi.

Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar o‘quvchilarni birinchi qo‘ng‘iroq bilan tabriklab, ularga joriy yilgi o‘quv yo‘lida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.

–Ilm maskaniga ilk qadam qo‘yayotgan bu jajji o‘g‘il-qizlarimizga davlat rahbari tomonidan yuborilgan 12 turdagi o‘quv qurollaridan iborat Prezident sovg‘alari topshirildi, – deydi maxsus maktab-internat direktori Madamin Aslonov. –Sovg‘alarni qabul qilib olgan bolajonlar juda ham xursand bo‘lishdi.


Ma’lumot uchun, maktab-internatida jami 287 nafar o‘quvchi tahsil olayotgan bo‘lib, Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Psixologik-tibbiy-pedagogik komissiya xulosasiga asosan 17 nafar bola joriy yilda internatning 1-sinfiga qabul qilindi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri