“Nurli manzil”da bolalar quvonchi
Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi ikki daryo o‘rtasida joylashgan “Nurli manzil” bolalar yozgi dam olish oromgohi yoz faslida dam oladigan maskanlardan biridir.
– Oromgoh sakson o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, bolalarning yozgi dam olishlari uchun yetarli sharoitlar yaratilgan. Bolajonlar tegishli tartibda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan holda oromgohga qabul qilinmoqda. Tuman tibbiyot birlashmasidan mas’ul xodimlar tomonidan bolajonlar doimiy nazoratda.


Ularning maroqli hordiq chiqarishlari uchun turli uchrashuvlar, teatr tomoshalari, konsert dasturlari uyushtirilmoqda. Shuningdek, tuman “Barkamol avlod” bolalar maktabi bilan hamkorlikda bolajonlarning qiziqishlariga qarab to‘garaklar faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan. Eng muhimi, ularni jismonan sog‘lom bo‘lib voyaga yetishlari uchun sportning bir necha turlari bilan shug‘ullanish imkoniyati yaratilgan. Suzish havzasi esa bolajonlarga olam-olam quvonch bag‘ishlamoqda. Bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida tumandagi umumta’lim maktablaridan 12 nafar pedagog xodim biriktirilgan, – deydi oromgoh rahbari Alisher Boboyev.


– Oromgohga kelganimdan xursandman, – deydi 3-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Hilola Numonova. – Chunki, tasviriy san’atga qiziqaman. Tabiat qo‘ynida go‘zal manzaralarni tasvirlashni xohlardim. Oromgoh juda chiroyli, daryo bo‘yida joylashgan, daraxtlar, soylar. Bunday joyda rasm chizish juda maroqli bo‘ladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.