Nuriddin Qalqonov: O‘zbekiston – Janubiy Koreya munosabatlarida yangi imkoniyatlar davri
O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi munosabatlar nafaqat siyosiy-iqtisodiy manfaatlar, balki tarixiy va ijtimoiy yaqinlikka asoslangani bilan ham alohida ahamiyat kasb etadi. Bugun ikki o‘lka o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, texnologik, ta’lim va gumanitar sohalarda keng qamrovli hamkorlik izchil rivojlanmoqda.
O‘zA “Dunyoga nazar” tahliliy dasturida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi dotsenti, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori Nuriddin Qalqonov O‘zbekiston – Janubiy Koreya munosabatlarining o‘ziga xos jihatlariga to‘xtaldi.
– Mamlakatlarimiz munosabatlarining boshqa hamkorlik yo‘nalishlaridan farqli o‘ziga xos jihatlari bor. Avvalo, xalqlarimiz o‘rtasida ijtimoiy va tarixiy yaqinlik mavjud. Shu nuqtai nazardan, Markaziy Osiyo davlatlari orasida aynan O‘zbekiston 2019-yilda Janubiy Koreya bilan munosabatlarini alohida strategik sheriklik darajasiga ko‘tardi.
Bunda bir nechta muhim omilni ko‘rishimiz mumkin. Birinchidan, O‘zbekistonda ko‘p sonli koreys diasporasi istiqomat qiladi. Koreys millati vakillari mamlakatimiz hayoti, ijtimoiy jarayonlar va madaniyat bilan chambarchas bog‘lanib ketgan. Bu esa ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning faqat diplomatik muloqot bilan cheklanib qolmay, xalqlar o‘rtasidagi yaqinlik asosida ham rivojlanishiga xizmat qilmoqda.
Ikkinchidan, Koreya Respublikasining taraqqiyot tajribasi yurtimiz uchun o‘ziga xos model sifatida ham ahamiyatli. Chunki bu davlat tarixan qisqa davr ichida agrar iqtisodiyotdan yuqori texnologik taraqqiyotga erishgan mamlakatga aylandi. Shu ma’noda, uning sanoatlashuv, innovatsiya va texnologik rivojlanish tajribasidan O‘zbekiston taraqqiyotida ham samarali foydalanish mumkin.
Uchinchidan, Janubiy Koreya bugun O‘zbekistonning ta’lim va ijtimoiy sohalardagi muhim hamkorlaridan biri hisoblanadi. Ushbu yo‘nalishlardagi aloqalarning yanada kengayishi ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni yangi va yuqori bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Ushbu intervyuni O‘zAning “YouTube” kanalida ko‘rishingiz mumkin.
O‘.Alimov, I.Ismatov (videomuhandis),
O‘zA