Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, uning tizimosti korxona hamda tashkilotlarida 2023-yilda amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar, 2024-yilda rejalashtirilgan loyihalar mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi 7-yilda sohada amalga oshirilgan geologiya-qidiruv ishlari natijasida respublika hududining geologik jihatdan o‘rganilganlik darajasi 128 ming kv.kmdan 170 ming kv.kmga yetkazildi. Yangi istiqbolli maydonlarni qidirish ulushi 20 foizdan 40 foizga oshib, modernizatsiya hisobiga unumdorlik 30 foizga ko‘paygan.
Yangi istiqbolli maydonlarni izlab topish yo‘nalishida Ovminzatog‘, Yegerbelitog‘, Xonbandi, Baliqlitog‘ va Quljuqtog‘ tog‘larining asosiy maydoni 1:50000 masshtabdagi hamda Sultonuvays tog‘larini 1:25000 masshtabdagi mukammal geologik qayta o‘rganish ishlari yakunlandi.
Natijada Jizzax, Navoiy, Buxoro va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududlarida 40dan ortiq istiqbolli maydonlar ajratildi.
O‘tgan yil davomida Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan respublika hududini geologik o‘rganish, foydali qazilma konlarni izlab topish va qazib olish ishlarini amalga oshirish, oltin, kumush, uran, mis qazib olish, qayta ishlash bilan shug‘ullanish yo‘nalishida samarali ishlar olib borildi.
[gallery-16664]
Dastlabki mineral xom-ashyo bazasini rivojlantirish yo‘nalishida hududni geologik jihatdan o‘rganish, raqamli geologik xaritalar to‘plamini yaratish natijasida ilgari ma’lum bo‘lmagan yangi turdagi istiqbolli maydonlar ham aniqlandi.
Albatta, mavjud konlar atrofida ularning zaxiralarini ko‘paytirish, chuqur gorizontlarda yangi zaxiralarni aniqlash bo‘yicha bir qator burg‘ilash, yer osti, yer usti kon ishlari ham amalga oshirildi. Buning natijasida oltin, uran, mis, kumush, qo‘rg‘oshin, ruh va boshqa noruda foydali qazilmalarning zaxiralari o‘stirildi.
—O‘zbekiston hududida yangi foydali qazilma konlarini izlab topish salohiyati yuqori, — deydi Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri maslahatchisi Nurbek Haqberdiyev. — Buning uchun yuqori texnologiyalar asosida konlarni o‘rganish bo‘yicha malakali kadrlar ish olib borib, zamonaviy laboratoriyalarda namunalar qayta ishlansa, yangidan yangi konlarni topamiz.
Shuningdek, tadbir davomida kelgusida sohaga zamonaviy ilg‘or texnologiyalarga ega bo‘lgan xorijiy kompaniyalarni jalb qilish, tashabbuskorlar tomonidan auksion savdolarda yutib olingan maydonlarni geologik o‘rganish uchun ruxsatnomalar rasmiylashtirish, sohani raqamlashtirish, mavjud konlardan samarali foydalanish va yer qari muhofazasini ta’minlash borasidagi ishlar samaradorligini oshirish masalalari xususida ham to‘xtalib o‘tildi.
N.Rahmonova, O.Pardayev (surat), O‘zA