Nurafshon manzillarga eltuvchi ulug‘ yo‘l
“Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!”
Dunyoda shunday bir buyuk so‘z borki, u inson yuragida ilohiy nur kabi doimo yolqinlanib porlaydi, tanga quvvat, ruhga rohat, umrga farog‘at bag‘ishlaydi. Bu Vatan so‘zidir. Ona bitta, Vatan bitta bo‘ladi, bu tushuncha hech qachon o‘zgarmaydi, hech qachon eskirmaydi. Non doim tabarruk bo‘lganidek, bu so‘zlar har qancha aytilsa ham xech qachon qiymati kamaymaydi.
Bugun Istiqlol o‘zining nurli va jozibali manzaralarini hayotimizning barcha jabhalarida namoyon etayotganligini ko‘rayapmiz. Bugun yurtdoshlarimiz dunyo qadar saodatni, ezgulikni bir-birlariga ravo ko‘rib yashamokdalar. Bugun O‘zbekiston bo‘ylab bir ulug‘vor, bir tabarruk so‘z faxr, g‘urur, shukronalik bilan tilga olinmoqda. Bu Mustaqillik kalimasidir.
O‘zA muxbiri ushbu ulug‘ ayyom arafasida o‘zbek ziyolilarining Vatan, Istiqlol haqidagi fikrlarini yozib oldi.

Mansur Yunus, Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi kafedra mudiri:
– Mustaqil O‘zbekiston Respublikasining tashkil topishi olamshumul tarixiy voqea bo‘ldi, desam yanglishmayman. O‘zbek xalqining asrlar davomida Istiqlol uchun kurashi ro‘yobga chiqib, mamlakatda huquqiy, demokratik jamiyat shakllanishiga shart-sharoit yaratildi. Shu bag‘rikeng, qorako‘z elning tarixiy, ma’naviy qadriyatlari tiklandi.
Siyosiy va iqtisodiy qayta qurishlar amalga oshirila boshlandi, birinchi navbatda, mustaqil davlatning huquqiy asoslari yaratildi.
Fuqarolik jamiyati – bu insonning rivojlanishiga imkon beradigan, uning huquq va erkinliklirini yuksak darajada ta’minlaydigan ijtimoiy jamiyatdir. Bunday jamiyat qurish davlat qonunlari va inson huquqlarini poymol etmaslikni, fuqarolardan qonunlarga qat’iy rioya qilishni talab etadi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning yangi bir bosqichi – Yangi O‘zbekiston sahifasini ochib berdi. Bunda mamlakat ham iqtisodiy, ham ma’nan yuksaladi. Dunyoga bo‘y cho‘zadi. Oila farovonligi va inson qadridek oliy vazifa hamda qadriyatlar qadr topadi.
Xalq bilan muloqot, odamlarning dardu tashvishi bilan yashash, jadid bobolar izidan borish, asriy qadriyatlarimiz, milliy urf-odatlarimiz va a’nanalarimizni asrashdek buyuk ishni bugun hukumatimiz vakillari, olimu-shoirlarimiz, san’at va madaniyat sohiblari yuksak sharaf bilan ado etayotir.
Qaysiki xonadonga bormaylik, u yerda farovonlik bor, birdamlik bor, xurramligu, shukronalik bor. Bu esa azmu shijoati bardavom dono va bunyodkor xalqimizning asrlar osha orzulari ushalganidan darak.
Mustaqilligimizning 33 yillik bayrami muborak bo‘lsin, azizlar. Davlatimiz bayrog‘i osmon uzra hilpirayversin.

Beruniy Alimov, filologiya fanlari doktori:
– Bundan 33 yil oldin O‘zMU “Jurnalistika” fakultetining 1-bosqich talabasi edim. Kechagidek esimda, u paytda Toshkentda nafaqt o‘qish, balki kun ko‘rishning o‘zi qiyin edi. Eng qig‘izi bir tomondan ich-ichimdan Vatan mustaqilligi eyforiyasini tuysam, ikkinchi tomondan esa turli ijtimoiy va iqtisodiy muammolarga duch kelardik. Hozirgi yoshlarga o‘xshab kiyinish uyoqda tursin, qornimizni amallab to‘ydirish muammo edi.
Yaxshiyamki talaba bo‘lganimiz uchun tushlikda bir mahal to‘yib ovqatlanish imkoniyatini beradigan talonimiz bo‘lardi. Oyda bir marta bo‘lsa ham yarim kilo shakar, yarim litr paxta yog‘i va kir sovun olardik.
Bu vaziyatdan qutilishning yagona yo‘li o‘qishdan keyin biron joyda ishlash edi. Kursdoshlarim bilan poytaxtlik yoshi ulug‘ qariyalarning hovlisida ish borligini bilib qoldik. Kamina kabi qishloqdan kelgan bola uchun unchalik mushkul ish emas: 4 ta qo‘yga yem va suvini berish, gul ekiladigan issiqxonaga ko‘mir tashib uni isitish, boshqa mayda-chuyda ishlarga yordam berish, tamom. Buning evaziga bepul “kvartirant” bo‘lib o‘tirish, 3 mahal bepul ovqatlanish imkoniyati bor edi. Biz o‘rtoqlarim bilan bajonidil rozi bo‘ldik.
Lekin kursdoshlarim bir oydan keyin “ishi og‘ir ekan” deb bu yerdan chiqib ketishdi. Men esa ketmaslikka qaror qildim. Sababi, ulardan farqli o‘laroq, kaminaning orqasidan muntazam non yoki pul yuborib turadigan ota-onam yo‘q edi. Aslida ishdan hech kim o‘lmagan.
Ikkinch kurs oxirida o‘z sohamizga yaqinroq ish topdim. Chorak o‘rinli musahhih, tahririyatda oddiy yugurdak sifatida faoliyatni boshlab yubordim. Undan keyin muxbirlikka olishdi.
Siz yolg‘on, bizga chin. Aynan mustaqillik sabab birinchilardan bo‘lib chet elda o‘qish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Uchinchi bosqichga o‘tkanimizda 11 nafar o‘zbek jurnalistlar qatori kaminani ham Dehlidagi Hindiston kommunikatsiya institutiga o‘qishga yuborishdi. Albatta maxsus imtihon va suhbat orqali saralab olishgandi.
Qaytib kelgach, boshqa bir gazetada ishlash barobarida, qo‘shimcha ingliz tili kurslariga qatnadim. So‘ngra televideniyeda tarjimon, muxbir, yangiliklar dasturi boshlovchisi va keyinroq sharhlovchi bo‘lib ishladim.
Bekitmayman, mustaqillikning o‘tkan yillari davomida turli chaqiriqlar, muammoli vaziyatlar kam bo‘lmadi. Hammasi bir tekisda ketgan deb aytish uchun odam oydan tushgan bo‘lishi kerak.
Bilasizmi, aynan mustaqillik tufayli birinchilar qatorida xalqaro jurnalistikaga qadam qo‘ydim. Dastlab Buyuk Britaniya, keyin Yaponiya, AQSH, Rossiya va hozirgacha dunyoning 40 ga yaqin davlatlarida jurnalistik faoliyat bilan shug‘ullandim.
Ustozlarim ko‘magida xalqaro media makonda O‘zbekistonning media imiji mavzuida ilmiy tadqiqotlar olib bordik.
Ilmiy tadqiqotlar va shaxsiy kuzatuvlar natijasi shuni ko‘rsatadiki, 1991 yillarda dunyodagi yetakchi ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston nomi nihoyatda kam uchrar edi. Qayd etilsa-da, oddiy xabarlarda “yosh agrar mamlakat”, “kichik Respublika”, “endigina rivojlanayotgan davlat” sifatida shunchaki aytilar edi xolos.
Mana oradan yillar o‘tib, dunyodagi eng nufuzli media sahifalarida “Yangi O‘zbekiston” atamasi tez-tez ko‘zga tashlana boshladi. “Sanoati rivojlangan mamlakat”, “yuqori investitsion salohiyatga ega”, “siyosiy va iqtisodiy jihatdan barqaror o‘lka” kabi sifatlar xorijiy OAVda alohida e’tirof etilmoqda.
Bu o‘zgarishlarning barchasi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning odilona siyosati, dunyo siyosiy sahnasidagi obro‘yi, xarizmasi, bildirgan kuchli pozitsiyalari, BMT kabi eng nufuzli minbarlardan turib qilgan chiqishlari va olib borayotgan keng ko‘lamli real islohotlarining natijasi, deb o‘ylayman.
Vatanimizning har bir qarichini qadrlashimiz, uni yanada mustahkamlashga va taraqqiy ettirishga hissa qo‘shishimiz kerak. Toki birinchi bo‘lish mashaqqati aslida sharafli ekanligini chin dildan his etish barcha yurtdoshlarimizga nasib etsin.
O‘tkir Alimov tayyorladi, O‘zA