Rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga kelgan Turkiya Respublikasi Buyuk Millat Majlisi raisi Numan Kurtulmush boshchiligidagi delegatsiya 23 may kuni Samarqandda bo‘ldi.
Mehmonlarni Samarqand xalqaro aeroportida Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi mas’ullari, viloyat hokimligi vakillari kutib oldi.
Turkiya Buyuk Millat Majlisi raisi dastlab Hazrati Xizr majmuasiga borib, O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov qabrini ziyorat qildi. Qur’on oyatlari o‘qilib, duolar qilindi.
Navbatdagi manzil – Imom Buxoriy majmuasi. Delegatsiya a’zolari buyuk muhaddis Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilish bilan birga bu yerda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdilar. Islom olamida muhaddislar sultoni deb e’zozlanadigan alloma mangu orom topgan maskanni uning shuhratiga monand ziyoratgohga aylantirish borasidagi ishlar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Numan Kurtulmush majmua dunyo musulmonlari ziyorat qilishni istaydigan eng qutlug‘ maskanlardan biriga aylanishiga ishonishini ta’kidladi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati, ulug‘ allomalar ilmiy merosini o‘rganish va tadqiq etish borasidagi ishlar ham Turkiya parlamenti vakillariga manzur bo‘ldi. Keyingi yillarda markaz xodimlari tomonidan qadimiy qo‘lyozmalar asosida tayyorlangan, boshqa tillardan tarjima qilingan kitoblar muqaddas Islom dini asl mohiyatini ochib berishi, hadis va boshqa diniy asarlarni asl manbalari asosida o‘rganish imkoniyatini berishi ta’kidlandi.
– Turkiya va O‘zbekiston orasida bir necha ming kilometr masofa bo‘lsa-da, bizning tariximiz, madaniyatimiz, qalbimiz mushtarak, – dedi Turkiya Respublikasi Buyuk Millat Majlisi raisi Numan Kurtulmush. – Biz O‘zbekistonni ota yurtimiz deb bilamiz va bu zaminga kelishdan faxr-iftixor tuyamiz. Davlatlarimiz rahbarlarining yaqin do‘stligi, oqilona siyosati tufayli keyingi yillarda bu yaqinlik yana ham mustahkamlandi. Hozir savdo-iqtisodiy soha deysizmi yoki madaniy-gumanitar, turizm, ilm-fan bo‘yicha aloqalarimiz kengayib bormoqda. Kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev hamda O‘zbekiston parlamenti rahbarlari bilan uchrashuvlarimizda Turkiya Buyuk Millat Majlisi ham o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga hissa qo‘shishini bildirdik. Bugun Samarqanddagi muqaddas qadamjolar, tarixiy obidalarni ziyorat qilib, O‘zbekistonning qadimiy va boy madaniyatga, ajdodlardan qolgan ulkan ma’naviy merosga ega ekanligiga amin bo‘ldik. Prezident Shavkat Mirziyoyev bejiz Uchinchi renessans g‘oyasini o‘rtaga tashlamadi. Bugun O‘zbekistonda ilm-fan, madaniyatni yuksaltirish borasidagi islohotlar bunga keng yo‘l ochmoqda.
[gallery-17515]
Mehmonlar Amir Temur maqbarasi, Registon majmuasi, Xo‘ja Ahror Valiy ziyoratgohi va boshqa tarixiy-madaniy yodgorliklarda bo‘lib, ajdodlarimiz noyob aql-zakovati, bunyodkorlik salohiyati ifodasi bo‘lgan ob’ektlarni hayrat va havas bilan tomosha qildilar.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari