Ayni kunlarda jamoatchilikning e’tibori Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan ko‘ngilsiz voqealarga qaratilgan.
Ayrim ig‘vogarlaring ta’sirida yuzaga kelgan noxush harakatlar, albatta, har bir o‘zbekistonlikni chuqur qayg‘uga soldi. Bir guruh olomon odamlarni chalg‘itishga urinib ko‘rdi. Ammo ming shukrki, vaziyat barqarorlashdi.
Uzoq asrlar mobaynida o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari haqiqiy og‘a-inichilik fazilatlariga asoslanib, o‘zaro munosabatlarini shakllantirib kelgan. Bu ikki qavm ma’naviy-ruhiy yaqinligini belgilaydigan asosiy omil – madaniyatlar mushtarakligi, ularning o‘zaro yaqinligi edi. Tillar yaqinligi dillar yaqinligiga olib keldi. Madaniyatlar bir-birini boyitdi. Shu asosda iqtisodiy hamkorlik, yagona iqtisodiy makon, yagona maqsad vujudga keldi.
Tan olish kerak, saxovatli va betakror qoraqalpoq diyori mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojida alohida o‘rin tutadi. Aniqroq aytganda, qoraqalpoq xalqi doimo yurtimizning tayanch tog‘laridan hisoblangan. Shuning uchun ham keyingi yillarda boshqa mintaqalarimiz qatori Qoraqalpog‘istonning rivojlanishiga ham ulkan e’tibor berilmoqda. Aynan ana shunday e’tibor tufayli bugungi kunda respublikaning poytaxti Nukus shahridan boshlab, tumanlar markazlari, shahar va qishloqlar, hatto chekka ovullargacha har tomonlama o‘zgarib, rivojlanib bormoqda. Bunda, ayniqsa, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning bevosita tashabbusi bilan ishlab chiqilib, izchil amalga oshirilayotgan Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Aytish kerakki, bu dasturlar respublikani asrlar davomidagi oddiy agrar o‘lkadan zamonaviy ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmalar, transport-kommunikatsiya tarmoqlar, yuksak malakali kadrlarga ega bo‘lgan qudratli mintaqaga aylantirishni nazarda tutadi. Dasturlarning bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etilishi natijasida qoraqalpoq zamini yildan-yilga chiroy ochib, rivojlanib borayotgan diyorga aylanyapti.
Oxirgi besh yilda hududning mahalliy byudjetiga qariyb 11 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Aholini ijtimoiy jihatdan himoya qilish bo‘yicha muhim dasturlar izchil amalga oshirilmoqda. Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha katta ishlar olib borilmoqda. Jumladan, “Temir daftar”ga kiritilgan 65 mingga yaqin oilaga, 16 yoshgacha bolalikdan nogiron a’zosi bo‘lgan hamda boquvchisini yo‘qotgan 17 ming oilaga moddiy yordam ko‘rsatildi. Birgina 2020 yil yakuni bo‘yicha Qoraqalpog‘istonda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi daromad 3 barobarga oshdi.
So‘nggi besh yilda qurilish ishlari hajmi 3,5 marta o‘sdi. O‘nlab yangi ishlab chiqarish quvvatlari, zamonaviy agroklasterlar, qo‘shma korxonalar ishga tushirildi. Respublikada minglab yangi ob’ektlar barpo etildi, rekonstruksiya qilindi va ta’mirlandi. Jumladan, ko‘plab bolalar bog‘chalari, umumta’lim va ixtisoslashgan maktablar, oliygohlar, sog‘liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat va sport maskanlari foydalanishga topshirildi. Bog‘cha yoshidagi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 2017 yildagi 32 foizdan 75 foizga yetdi.
Bu zaminda amalga oshirilgan ulkan iqtisodiy-ijtimoiy o‘zgarishlar, qurilish va obodonchilik ishlarini sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi. O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan, sahro bag‘ridagi mo‘’jiza deb nom olgan Qo‘ng‘irot soda zavodi, Ustyurt gaz-kimyo kompleksi, Nukus polimer, Samsung-Nukus, Nukus elektroapparat, “Lanextrakt” qospa kәrxanasы, “Nukus Med Tex” MCHJ, “Tөrtkүl shiyshe ыdыslarы” MCHJ, Xo‘jayli shisha zavodi, “Markaziy Osiyo bezak toshlari” qo‘shma korxonasi, Qo‘ng‘irotdagi karbid, Nukusdagi marmar va kabel zavodlari, O‘rga gaz koni, “Elteks” va “Kateks” majmualari kabi zamonaviy ishlab chiqarish ob’ektlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Nukus filiali, Olimpiya zaxiralari kolleji binolari, 345 kilometrlik “Navoiy-Nukus” temir yo‘li, Nukus bilan Xo‘jaylini bog‘laydigan ulkan ko‘prik, Qo‘ng‘irot avtomobil yo‘li, o‘nlab umumta’lim maktablari, maktabgacha ta’lim muassasalari, litsey va kollejlar, bolalar sporti, bolalar musiqa va san’at maktablari singari ko‘plab inshootlar – bularning barchasi istiqlol mevasidir.
Milliy avtomagistral qurilishida ro‘y bergan ulkan voqealardan biri – bu shu yo‘lning Nukus shahriga kiraverishida yangi ko‘prik va chorraha yo‘lning qurilishidir. Shuni ham alohida ta’kidlab o‘tishimiz kerak, Ustyurt gaz-kimyo majmuasi bugun dunyo xalqlari e’tiborini jalb etgan.
Eng muhimi, qoraqalpoq xalqi asrlar davomida orzu qilib, intilib kelgan ezgu maqsadiga yetdi. Ozod va erkin, tinch-osuda hayotga erishdi, o‘z tarixi, madaniy merosi, milliy an’ana va qadriyatlarini tiklash, rivojlantirish, o‘zligini anglash imkoniga ega bo‘ldi.
Qoraqalpog‘iston xalqi davlatimizning doimiy e’tiborida. Orolbo‘yidagi ekologik muammolardan aziyat chekayotgan yurtdoshlarimizga g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda. Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu yilning 23 fevral kuni hududlardagi bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar va aholi hayoti bilan tanishish maqsadida Qoraqalpog‘istonda bo‘ldi. Bu gal yangiliklar, o‘ziga xos jihatlar ko‘p. Xususan, birinchi raqamli bort ilk bor Toshkentdan Mo‘ynoqqa keldi.
Mo‘ynoq mamlakatimizning olis hududlaridan biri. Eng yaqin shahar –Qo‘ng‘irotgacha 100 km., Qoraqalpog‘iston markazi – Nukusgacha 200 km. masofa bor. Bu kommunikatsiyada qiyinchilik tug‘dirishi tabiiy. Shu bois mo‘ynoqliklarning hayoti, sharoitlariga davlatimiz rahbarining e’tibori boshqacha. Bu hududni rivojlantirish bo‘yicha ikkita qaror qabul qilinib, manzilli dasturlar amalga oshirilgan. Prezidentimizning o‘zi ham Mo‘ynoqqa ikki marta – 2018 va 2019 yillarda tashrif buyurgan. O‘shanda bu yerda transport kommunikatsiyalarini yaxshilash bo‘yicha ko‘rsatma berilgan edi. Shunga muvofiq, avtomobil yo‘llari ta’mirlandi. Mo‘ynoq aeroporti yangilanib, ishga tushirildi. Bu «havo porti» 1947 yilda qurilgan bo‘lib, ilgari kichik samolyotlarni qabul qilgan. Keyinchalik umuman ishlamay ham qolgan edi. Hayotga qaytgan bu aeroportga ilk bor O‘zbekiston Prezidentining samolyoti kelib qo‘ndi. Endi Toshkent – Mo‘ynoq – Nukus aviaqatnovi yo‘lga qo‘yiladi.
Qishloq xo‘jaligi tarmoqlari bilan birga xizmat turlarini kengaytirish, xususan, ko‘ngilochar o‘yinlar uchun soliq imtiyozlari berilmoqda. Bu ichki turizm rivojiga, ish o‘rinlari ochilishiga xizmat qiladi. Bu yerda istirohat bog‘i quriladi, qo‘shimcha quvur tortib kelinadi. Keksalar sanatoriyga, bolalar oromgohlarga yuboriladi. Bu yerga kelib ishlaydigan shifokorlarga oylik ustamalar berish, uy bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi.
Qoraqalpog‘istonda bir paytlar dengiz va unga tutash daryolar, yaylovlar odamlarga rizq ulashgan, ish, daromad manbai bo‘lgan. Lekin tabiat qonunlariga aralashish, Amudaryo va Sirdaryo suvini to‘sish dunyodagi og‘ir ekologik halokatlardan birini yuzaga keltirdi. Mintaqada cho‘llanish va sho‘rlanish darajasi keskin ortdi. O‘simlik va yovvoyi hayvonlar turi kamayib ketdi. Global isish muammosi kuchayib, yog‘ingarchilik kamayayotgan bugungi asrimizda Orol dengizini qutqarish tobora imkonsiz bo‘lib bormoqda.
Bunday sharoitda yagona yo‘l – borini asrab qolish, fojia ta’sirini kamaytirish, odamlar hayotini osonlashtirish. Davlatimiz rahbari bu bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi sessiyalarida gapirdi, xalqaro sammitlarda muhim takliflarni ilgari surdi. Shu bilan birga, o‘z imkoniyatlarimizga tayanib, amaliy ishlar ham olib borilmoqda. Xususan, Orol dengizining qurigan tubidan millionlab tonna chang va zaharli tuzlar ko‘tarilib, katta hududga tarqalar edi. Shavkat Mirziyoyev 2018 yili Mo‘ynoqqa tashrifi chog‘ida olimlar bilan maslahatlashib, u yerda sho‘rga chidamli o‘simliklar ekish vazifasini belgilagan edi.
Natijada o‘tgan yillarda dengizning suv qurigan qismida 1 million 524 ming gektar to‘qayzor barpo etilgan. Buning uchun saksovul, qorabo‘roq, qandim, cherkez kabi cho‘l o‘simliklaridan qariyb 6 ming tonna urug‘ tayyorlanib, qiyin sharoitlarda ekilgan. Bu ishlarda 4 mingdan ziyod ishchi qatnashib, 1 ming 600 dona texnika, samolyotlar jalb etilgan. Bu xayrli, dolzarb harakat davom ettirilmoqda.
Qoraqalpoq xalqi bilan tariximiz, udumlarimiz, tilimiz bir. Xalqlarimiz tarixda og‘ir zamonlarni, tumanli kunlarni ko‘p ko‘rdi. Tarixda mustamlakachilarning zo‘ravonligidan bu xalq necha marta ko‘chdi, necha marta bo‘lindi va qayg‘u-g‘aflatda yashadi.
Sovet hukumati o‘zbek xalqining milliy boyligi bo‘lgan paxtani, xalq boshiga tushgan baloga aylantirdi. Uni oq oltin deb maqtab, «oq oltinni oltin qo‘llar yaratadi» deb maqtab, oxirida paxtani xalqning peshonasining sho‘ri darajasiga olib bordi. Paxtadan oq oltin, sholidan sariq oltin olib, xalqni boyitamiz deb, Orol dengizidan ayirdi. Uning zaharli, tuzli changlaridan turli xil kasalliklarga giriftor qilib, genofondini zararladi.
Biroq Shavkat Mirziyoyev boshchiligida qoraqalpoqlarning bu ko‘z yoshlari, azobli o‘tgan zamoni to‘g‘ri tahlil etilib, zarur choralar ko‘rildi. Shavkat Mirziyoyev Orol muammosini bartaraf qilish uchun muammoning faqat oqibati bilangina kurashmay, uning sababi bilan kurashishning yo‘lini ko‘rsatdi.
Orolning qurib qolgan maydonini o‘simliklar bilan qoplab, tuzli, zaharli to‘zonni to‘xtatib, uning o‘rniga yashil iqtisodiyotni tashkil etishni ilmiy asoslab berdi. Bu fikr dunyo hamjamiyati tomonidan ham qo‘llab-quvvatlandi va amalga tatbiq etildi.
Umuman olganda, Qoraqalpog‘iston iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy tarafdan yuqori cho‘qqilar sari qadam tashlayapti.
Bir so‘z bilan aytganda, Nukusdagi voqealar tashqi kuchlarning mafkuraviy ta’siri ekanligi hamda unga qarshi faqat teran aql, og‘ir-vazminlik, sof tafakkur asosida tinchlikni saqlab qolish zarur. Zero, tinchlik eng oliy ne’matligini unutmaylik.
Toshpo‘lat MATIBAEV,
Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi
raisining o‘rinbosari
O‘zA