Nukusdagi Prezident maktabida ochiq eshiklar kuni o‘tkazildi
Toshkent, Namangan, Nukus va Xivadagi Prezident maktablarida joriy yilning 5-25 iyun kunlari hujjatlarni qabul jarayoni bo‘lib o‘tadi.
O‘quvchilarni qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 20 fevraldagi «Prezident maktablarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori asosida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tomonidan Cambridge International Assessment bilan hamkorlikda o‘tkaziladigan kirish imtihonlari natijalari asosida amalga oshiriladi.
Nukus shahridagi Prezident maktabining faoliyati va o‘qishga qabul qilish jarayonlari bilan keng jamoatchilikning yaqindan tanishtirish maqsadida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Ishtirokchilar oshxona, robototexnika to‘garagi, yotoqxona va chet ellik o‘qituvchilar mehmonxonasi, sport maydonchalari, yopiq suzish havzasi, kutubxona va o‘quv jarayoni bilan yaqindan tanishdi.
Tadbir yakuniga bag‘ishlangan matbuot anjumanida joriy yilgi qabul va hujjatlarni topshirish qoidalari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, o‘quv jarayoni, Cambridge International Education dasturi, o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini maroqli o‘tkazish va loyihalar bilan ishlash, o‘quvchilarga yaratilgan shart-sharoitlar haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2018 yil sentyabr oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida Prezident maktablari tashkil etish bo‘yicha g‘oyani ilgari surdi. Maktabni tashkil etishdan asosiy maqsad, ta’lim jarayoniga ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash orqali iqtidorli yoshlarni tarbiyalash, o‘qitish, rag‘batlantirish hamda kelgusida ularni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish, yetakchilik ko‘nikmalari va notiqlik mahoratini rivojlantirish, tanqidiy fikrlash, axborotni izlash, tahlil qilish va qayta ishlash, olingan bilimlarni amaliyotda qo‘llash kabi ko‘nikmalarni shakllantirishdan iborat.
O‘quv jarayoni “Cambridge Assessment” bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan o‘quv reja bo‘yicha ingliz tilida amalga oshiriladi va «STEAM —ta’lim» (Science – tabiiy fanlar, Technology – texnologiya, Engineering – texnik ijodkorlik, Art – san’at, Mathematics – matematika) dasturi asosida olib boriladi.
[gallery-2603]
Prezident maktabining 9-11-sinflarida ta’lim olish o‘quvchilarning qiziqishlariga ko‘ra ayrim fanni tanlash va ularni o‘rganish darajasini inobatga olgan holda individual o‘quv jarayoni asosida amalga oshiriladi.
Maktabda STEAM yo‘nalishidagi fanlar Cambridge International dasturi asosida ingliz tilida, mahalliy fanlar O‘zbekiston ta’lim dasturiga asosan davlat tilida olib boriladi. O‘quvchilarga 8 nafar chet ellik, 25 nafar mahalliy o‘qituvchi ta’lim beradi.
Prezident maktabi o‘quvchilari xalqaro olimpiada, tanlov va loyihalarda munosib ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, 24 nafar bitiruvchidan 23 nafari AQSH, Buyuk Britaniya, Xitoy, Qirg‘iziston, Shveysariya, Birlashgan Arab Amirliklari, Vengriya, Avstraliya davlatlarining, 2 nafari mahalliy-xorijiy oliy ta’lim muassasalarining muddatidan oldin talabasi bo‘lib, jami 3 million 908 ming 187 AQSH dollari miqdoridagi grant sohibi bo‘ldi.
O‘quvchilar Seamo xalqaro olimpiadasida 2 ta bronza medal, 6 ta xalqaro sertifikat, MAA AMC 10 xalqaro olimpiadasida 2 ta oltin, 3 ta kumush 2 ta bronza medal, MAA AMC 8 xalqaro olimpiadasida 2 ta oltin, 4 ta kumush 3 ta bronza medal, ingliz tili bo‘yicha WRITING WORLD CUP insholar tanlovida 1 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Ochiq eshiklar kuni Prezident maktabiga qabul jarayoni haqida batafsil ma’lumot berildi. Joriy o‘quv yilida 5- sinfga 24 nafar, 6- sinfga 24 nafar o‘quvchi qabul qilinadi. Bunda o‘quvchilar tug‘ilganligi haqida guvohnoma, o‘quvchining 3x4 hajmdagi foto surati, baholash tabelidan nusxa, maktab direktori tomonidan tasdiqlangan ma’lumotnoma shaklining elektron varianti talab qilinadi. Hujjatlar faqat onlayn shaklida topshiriladi. O‘quvchilarning ota-onasi yoki ularni o‘rnini bosadiganlar portal.piima.uz sayti orqali hujjatlarni jo‘natish kerak bo‘ladi.
Kirish imtihonlari – ikki bosqichdan iborat bo‘lib, 1- bosqich 20-25 iyul, 2- bosqich 20-23 avgust kunlari bo‘lib o‘tadi. Matematikadan 30 ta, reading + grammatikadan 40 ta, tanqidiy fikrlashdan 16 ta, muammoli yechishdan 24 ta savol bo‘ladi.
Kembrij Universitetining Cambridge Assessment International Education brendi ostida faoliyat yurituvchi Imtihon Kengashi Prezident maktablari uchun tanlov jarayonini nazorat qiladi. Ingliz kompaniyasi uchun o‘g‘il-qizlar iste’dodi, tanqidiy va mantiqiy fikrlash darajasi baholashning asosiy mezoni hisoblanadi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA