Nukusdagi “Orol” suzish havzasi qayta ishga tushirildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumi qarori bilan Nukus shahridagi respublika suv sport turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sport maktabining “Orol” suzish havzasini qayta tiklash va ishga tushirish ishlariga 700 million so‘m mablag‘ ajratildi.
To‘liq yangilangandan keyin suzish havzasi sportchilar, yoshlar va aholi uchun rasman foydalanishga topshirildi. Bir yildan ortiq vaqt davomida foydalanilmay turgan mazkur suzish havzasi qayta tiklanib, zamonaviy talablarga mos holatga keltirildi.

Qurilish va rekonstruksiya ishlari davomida inshoot to‘liq yangilanib, uning moddiy-texnik bazasi mustahkamlandi. Muhandislik tarmoqlarida sportchilar uchun qulay sharoitlar yaratildi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida u suv sporti turlari bilan shug‘ullanuvchi sportchilar, yoshlar, bolalar va sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlovchi aholiga xizmat qiladi.
Ushbu loyihaning amalga oshirilishi Qoraqalpog‘iston Respublikasida sport infratuzilmasini izchil rivojlantirish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va aholi uchun zamonaviy sport infratuzilmasini yaratish bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarning navbatdagi amaliy natijasidir. “Orol” suzish havzasining qayta ishga tushirilishi suv sport turlarini rivojlantirish va yoshlarni jismoniy tarbiya bilan keng qamrab olish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri