Nukusda yangi korxona ish boshladi
Nukus shahrida “AKFA ASSEMBLY” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan “Plastik deraza va eshik ishlab chiqarishni tashkil etish” loyihasi doirasida yangi korxona ochildi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Kamalov ishtirok etib, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda so‘nggi yillarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga to‘xtaldi.
Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining joriy yil 29 iyuldagi “BMT Bosh Assambleyasining 2021 yil 18 maydagi “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida”gi maxsus rezolyutsiyasini amalga oshirish to‘g‘risida” gi qarorining tegishli bandiga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasida Toshkent shahridagi yirik tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ekologik innovatsiyalar va texnologiyalarni tatbiq qilishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha qator amaliy ishlar olib borilmoqda.
[gallery-4990]
Jumladan, “Imzo” kompaniyasi joriy yildan Nukus shahrida o‘z faoliyatini kengaytirishi natijasida “AKFA ASSEMBLY” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan umumiy qiymati 6 million dollarlik filialni ishga tushirdi.
Korxona yiliga 78 000 kv.m. alyuminiy va 190 000 kv.m. PVX mahsulotlarini ishlab chiqarish quvvatiga ega. Natijada 240 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Ishchi-xodimlarning aksariyatini yoshlar va xotin-qizlar tashkil etadi. Yangi korxonada plastik deraza va eshik ishlab chiqarishda mahalliy iqlim sharoitimizga mos keladigan Yevropa laboratoriyalarida sinovdan o‘tgan Yengelberg hamda Akfa brendlarining yuqori sifatli materiallari tanlangan.
Korxonada ishlab chiqarish liniyalari Yevropadan keltirilgan bo‘lib, to‘la kompyuterlashtirilgan boshqarish tizimi bilan ta’minlangan. Ularni zamonaviy texnologiyalarni yetuk egallagan mahalliy yoshlar boshqaradi.
Demak, jahon bozorida o‘zining munosib o‘rniga ega kompaniya filiali Orolbo‘yi iqtisodiyotining yanada yuksalishiga munosib ulush qo‘shadi.
Dovud Abibullayev,
Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA