Nukusda sayyohlik markazi ochildi
Nukusda “Qoraqalpoq etno ovuli” sayyohlik markazi foydalanishga topshirildi.
Mazkur markaz AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning Xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish jamg‘armasi ko‘magida barpo etildi.
2022 yilda USAID mahalliy tadbirkor Amina Bekjonova rahbarligidagi Nitsa Nukus kompaniyasiga umumiy qiymati 33 ming AQSH dollariga teng 15 ta o‘tov taqdim qildi. Nukus shahridagi Ashshiko‘l bo‘yiga o‘rnatildi ushbu o‘tovlar sayyohlarni qoraqalpoq madaniyati, oshxonasi va hunarmandchiligi bilan tanishtirish bilan birga, ularga turar joy va ko‘ngilochar tadbirlarni taqdim etadi.
[gallery-9595]
O‘tovlarda mehmonlar mahalliy hunarmand ayollarning qo‘lda ishlangan qoraqalpoq gilamlari, so‘zanalari, suvenir va qandolatchilik mahsulotlarini xarid qilishlari hamda turli xil qoraqalpoq milliy taomlarini tatib ko‘rishlari mumkin bo‘ladi. Ushbu tashabbus doirasida USAID O‘zbekiston bo‘ylab agrobiznes, hunarmandchilik, to‘qimachilik va agroturizm kabi sohalarda faoliyat yuritayotgan ayollarning xususiy bizneslarini rivojlantirish va kengaytirish uchun yangi texnologiyalarni taqdim etmoqda.
Jumladan, 2022 yil oktyabr holatiga ko‘ra, USAIDning Xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish jamg‘armasi hisobidan 40 nafarga yaqin tadbirkor ayolga o‘z bizneslarini kengaytirish va rivojlantirish uchun umumiy qiymati 600 ming AQSH dollaridan ziyod yangi texnologiya va uskunalar taqdim etildi.
Tadbir ishtirokchilari “Qoraqalpoq etno ovuli” sayyohlik markazining faoliyati hamda mehmonlarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Ularga xalq hunarmandchiligi hamda milliy liboslar ko‘rgazmalari, folklor va estrada ijrochilarining konsert dasturi, xalq o‘yinlari namoyish etildi.
Dovud ABIBULLAEV,
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA