Nukusda dual ta’lim forumi o‘tkazildi
Pearson o‘quv dasturi asosida faoliyat olib borayotgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi 1-sonli texnikumda “Dual ta’limni tashkil etishning afzalliklari” mavzusida forum o‘tkazildi.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad, o‘quvchilarning amaliy ko‘nikmalarini oshirish, dual ta’lim tizimini keng joriy etish, texnikumlar va ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashdan iboratdir. Ilk bor o‘tkazilgan tadbirda Buyuk Britaniyaning nufuzli Pearson ta’lim kompaniyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda Kasbiy ta’lim agentligi vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda Orolbo‘yidagi barcha texnikumlar faol ishtirok etib, dual ta’lim tizimining amaliy natijalari keng namoyish etildi. Forum davomida o‘quvchilar o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha tayyorlagan ko‘rgazmalari, turli texnik qurilmalar va qo‘l mehnati asosida yaratilgan amaliy ish namunalari bilan ishtirok etib, o‘z mahorat hamda ijodiy yondashuvlarni namoyish etdi.
Ta’kidlash joiz, mazkur tizim bugungi kunda zamonaviy ta’limning eng samarali yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Dual ta’lim nazariy bilimlar bilan amaliy ko‘nikmalarni uyg‘unlashtirish orqali o‘quvchilarning kasbiy salohiyatini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.