Nukus turizm va investitsiya uchun yangi maydon
Turizmda sayyohni jalb qilishning o‘zi yetarli emas. Uni munosib qabul qilish, yirik delegatsiya va xalqaro tadbirlarni bir joyda tashkil etish imkoniyati ham kerak. Nukusda qurilayotgan Kongress-xoll va mehmonxona majmuasi aynan shu ehtiyojga javob beradi.
Shaharning mehmon qabul qilish imkoniyatlari haqida turizm sohasida ishlaydigan Farrux Kamolov bilan suhbatlashar ekanmiz, u amaliyotdagi asosiy muammolardan birini aytib o‘tdi.
– Ba’zan bir vaqtning o‘zida katta guruh sayyohlar keladi, – deydi u. – Ayniqsa, xorijiy delegatsiyalar uchun mehmonxona, uchrashuv va boshqa xizmatlarni bir joyda tashkil qilish imkonini beradigan zamonaviy majmualar kerak.
Shahar markazida ana shunday yirik majmua barpo etilmoqda.
Loyiha bosh direktori Abror Annakovning ma’lum qilishicha, 1,63 gektar maydonda qiymati 78 million dollar bo‘lgan majmua qurilyapti. Uning tarkibida 22 qavatli, 300 o‘rinli besh yulduzli mehmonxona, 1 ming kishiga mo‘ljallangan Kongress-xoll, 320 xonadonli ikkita 24 qavatli turar joy binosi, avtoturargoh hamda savdo majmuasi bo‘ladi.
Ob’ekt yetti blokdan iborat. Uchta blokda monolit ishlari 95 foizga bajarilgan, qolgan to‘rttasida poydevor ishlari davom etmoqda. Binoning seysmik barqarorligi Turkiya va O‘zbekiston mutaxassislari ishtirokida ekspertizadan o‘tkazilgan. Qoziqlar 27-28 metr chuqurlikka qoqilgan.
– Hozirgacha qurilishga 10 million dollardan ortiq mablag‘ kiritildi, – deydi Abror Annakov. – Mehmonxona bilan birga savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari ham bo‘ladi. Natijada Nukusda xorijiy delegatsiyalar, biznes vakillari va sayyohlarni bir vaqtning o‘zida qabul qilish imkoniyati kengayadi.
Majmuaning ahamiyati faqat turizm bilan cheklanmaydi. Yirik forum, muzokara yoki biznes uchrashuvini shu yerning o‘zida o‘tkazish imkoniyati hududni investorlarga tanitish uchun ham qo‘shimcha sharoit yaratadi. Investor hududga kelib, imkoniyatlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishi, mahalliy hamkorlar bilan uchrashishi va loyihani joyida muhokama qilishi mumkin bo‘ladi.
So‘nggi yillarda Qoraqalpog‘istonda investitsiya faoliyatini rag‘batlantirish uchun alohida tartiblar joriy etildi. Jumladan, Nukus shahrida kamida 1 million dollar investitsiya kiritgan tadbirkorlarga yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish imkoniyati berildi. 2026-yil sentabr oyida Nukusda o‘tkazilgan yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev hududdagi alohida sharoitlar investitsiyalar hajmini oshirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi. Foyda, yer va mol-mulk soliqlari ikki karra kamaytirilgan, sanoat korxonalari uchun elektr energiyasi tarifi 15 foizga pasaytirilgan, ijtimoiy soliq 1 foiz etib belgilangan.
Abror Annakovning aytishicha, loyihaning aynan Nukusda amalga oshirilishida ham shu muhit hal qiluvchi omil bo‘lgan.
– Tadbirkorlikni 2012-yilda Rossiyada boshlaganman, – deydi u. – 2022-yilda O‘zbekistonda yaratilgan imkoniyatlarni ko‘rib, Beruniy tumaniga qaytdim. Keyin xorijlik hamkorlar bilan yirik loyiha ustida ishlay boshladik. Dastlab uni Dubayda amalga oshirish rejalashtirilgan edi. Ammo hamkorlar O‘zbekiston, xususan, Qoraqalpog‘istonga kelib, sharoitlar bilan tanishgach, qarorini o‘zgartirdi. Ular loyihani Nukusda amalga oshirishni ma’qul ko‘rdi.
Shu jihatdan, yangi majmua Nukus uchun navbatdagi qurilish ob’ekti emas. U shaharning katta delegatsiyalarni qabul qilish, xalqaro tadbirlar o‘tkazish, biznes uchrashuvlarini tashkil etish va Qoraqalpog‘iston imkoniyatlarini xorijiy hamkorlarga bevosita namoyish qilish salohiyatini oshiradi. Bu yerda bunyod etilayotgan Kongress-xoll va mehmonxona majmuasi turizm, xizmat ko‘rsatish va investitsiyani bir nuqtada bog‘laydigan yangi maydonga aylanadi.
Dilshod HAKIMOV,
O‘zA