O‘zbekiston Respublikasi Vazarlar Mahkamasi “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumanida Galofit o‘simliklari botanika bog‘ini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumani “Samanboy” ovul fuqarolar yig‘inidagi “Katti agar” massivi hududida Galofit o‘simliklari botanika bog‘i tashkil etiladi.
Qarorga ko‘ra, Nukus tumani hokimligi zaxirasidagi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan 56,29 gektar yer uchastkasi Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti tizimidagi O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot institutiga o‘ttiz yil muddatga ijara huhuqi asosida beriladi.
Botanika bog‘ini tashkil etishdan asosiy maqsad:
tuproq ekotizimini tiklash va iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish;
sho‘rlanish va cho‘llanishga moslashgan o‘simliklarni tadqiq qilish, ularning turlarini ko‘paytirish va tajriba-sinovdan o‘tkazish;
hududda bioxilma-xillikni saqlash, tuproq-iqlim sharoitini yaxshilash bo‘yicha yangi texnologiyalarni joriy etish;
galofit o‘simliklarini botanika bog‘ida yetishtirish va ulardan foydalanish orqali qishloq xo‘jaligi sohasida hosildorlikni oshirish, sho‘r botqoqli hududlarni qayta tiklash hamda ulardan barqaror foydalanishga erishish;
ekologik ta’lim va tadqiqot dasturlari orqali aholini atrof-muhitni muhofaza qilishga jalb qilish;
ekoturizmni yo‘lga qo‘yish va ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish uchun imkoniyatlar yaratish, noyob o‘simlik turlariga qiziqadigan tashrif buyuruvchilarni jalb etish va boshqalar.
Qaror bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumanida Galofit o‘simliklari botanika botini tashkil etish uchun ijaraga beriladigan yer uchastkalari ro‘yxati tasdiqlandi.
O‘zA