Nukus shahriga 32 dona avtobus olib kelinadi
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan so‘nggi yillarda Orolbo‘yida jamoat transportini tubdan isloh qilish, aholini sifatli va kafolatlangan transport xizmatlari bilan ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu esa aholiga transport xizmatini ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash, ularning uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Nukus shahrida harakat tarkibini yangilash, yo‘lovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida “Fayz Avangard” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 32 dona avtobus olib kelinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 18-martdagi “Jamoat transportini moliyalashtirishning yangi tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, jamoat transportini moliyalashtirishning yangi brutto-shartnoma tizimi joriy etildi. Mazkur tizim yo‘nalishlarda cheklangan tariflarda yo‘lovchi tashish xizmatlari uchun “bosib o‘tilgan yo‘l” va “sifat” mezonlaridan kelib chiqqan holda hisob-kitob qilishni nazarda tutuvchi vakolatli organ va tashuvchi o‘rtasida tuzilgan shartnoma hisoblanadi. Shu asosda, yangi avtobuslar Nukus shahri ichidagi yo‘nalishlarga brutto-shartnoma bilan joylashtiriladi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri