“Nukus” poligonida jangovar mashinalar bahsi
Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugning “Nukus” poligonida BTR-80 zirhli transportyor ekipajlari oʻrtasida Jangovar mashina biatloni boʻlib oʻtdi.
Shimoli-gʻarbiy harbiy okrugning “Nukus” poligonida BTR-80 zirhli transportyor ekipajlari oʻrtasida Jangovar mashina biatloni boʻlib oʻtdi.
Bu haqda Shimoli-gʻarbiy harbiy okrug matbuot xizmati OʻzAga maʼlum qildi.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida harbiy xizmatchilarning kasbiy malakasini oshirish, jamoalar oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini qaror toptirish hamda oʻz kasbining professionallarini yetishtirish maqsadida jangovar tayyorgarlik mashgʻulotlaridan “Men gʻolib!” shiori ostida turli koʻrik-tanlov va musobaqalar oʻtkazilishi anʼanaga aylangan.
Vazirlik miqyosida boʻlib oʻtadigan musobaqaning final bosqichida Jangovar mashina biatloni boʻyicha harbiy okrug sharafini munosib himoya qiladigan nomzodlarni tanlash maqsadida boʻlib oʻtgan bellashuvda Nukus garnizonidan 1 ta, Urganch garnizonidan 2 ta jamoa maydonga chiqdi.
Minali toʻsiq maydoni, qumli qiyalik, koʻprik va boshqa bir qator yoʻlda uchraydigan toʻsiqlardan oʻtish hamda belgilangan nishonlarni yakson etish kabi vazifalar harbiy xizmatchilar uchun odatiy hol boʻlib qolgan boʻlsada, ammo vaqt koʻrsatkichi va gʻalabaga boʻlgan kurash butun musobaqa davomida jamoalar oʻrtasidagi raqobatning kuchayishini taʼminladi.
Ushbu musobaqada eng yuqori natijalar bilan Nukus garnizonidan ishtirok etgan jamoa gʻoliblikni qoʻlga kirita oldi. Mashina komandiri kichik serjant Doston Lutfullayev boshchiligidagi ekipaj 25,36 daqiqa natija koʻrsatib, birinchilikni qoʻlga kiritdi.
Endilikda mazkur ekipaj Mudofaa vazirligi miqyosida oʻtkazilishi rejalashtirilgan Jangovar mashina biatlonida harbiy okrug nomidan qatnashadi.
Shuningdek, ayni kunlarda “Nukus” poligonida tank komandiri kapitan Gʻayrat Gaynazarov boshchiligidagi ekipaj yana bir musobaqa – Tank biatloni boʻyicha Mudofaa vazirligining final bosqichiga ham tayyorgarlik koʻrmoqda.