“Nukus Insulation Group”: Qoraqalpog‘istonning taraqqiyoti uchun muhim poydevor
Bugun mamlakatimizda sanoatni rivojlantirish, mahalliy xomashyoni qayta ishlash, zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqarishga keng joriy etish va aholi bandligini ta’minlash iqtisodiy siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu jarayonda har bir hududning mavjud imkoniyatlarini ishga solish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyatga ega.
Prezidentimizning joriy yil 18-sentabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifida Nukus shahridagi “Nukus Insulation Group” korxonasi faoliyati bilan tanishgani ham ana shu maqsadlarning amaliy ifodasi bo‘ldi. Davlatimiz rahbari korxonadagi ishlab chiqarish jarayoni va tayyor mahsulotlarni ko‘zdan kechirib, jamoa bilan muloqot qildi. Mazkur tashrif Qoraqalpog‘istonda zamonaviy qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish, mahalliy resurslardan samarali foydalanish va yangi iqtisodiy imkoniyatlarni ishga solish nuqtai nazaridan alohida ahamiyat kasb etadi.
Mazkur korxona Qoraqalpog‘istonda mahalliy bazalt xomashyosidan zamonaviy issiqlik izolyatsiyasi materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Umumiy qiymati 50 million dollarni tashkil etuvchi loyiha davlatimiz rahbarining 2024-yil 9-fevraldagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirilgan.

Korxonada Yevropada ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalar o‘rnatilgan bo‘lib, ular mahalliy xomashyodan xalqaro standartlarga mos mahsulotlar tayyorlash imkonini beradi. Ishlab chiqarish quvvati yiliga 50 ming tonna issiqlik izolyatsiyasi materiallarini tashkil etadi. Ushbu mahsulotlarning yillik qiymati 300 milliard so‘mga baholangan. Korxonada 150 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.
Bu raqamlar zamirida muhim iqtisodiy mazmun mujassam. Avvalo, mahalliy resursni xomashyo holatida qoldirmasdan, uni qayta ishlash orqali qo‘shilgan qiymati yuqori bo‘lgan tayyor mahsulotga aylantirish imkoniyati yuzaga kelmoqda. Shuningdek, zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etilgan ishlab chiqarish hududimizda sanoatning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shu ma’noda, “Nukus Insulation Group” kabi korxonalarning tashkil etilishi mahalliy sanoatni diversifikatsiya qilish, zamonaviy ishlab chiqarish tajribasini shakllantirish va hududning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi. Korxonada ishlab chiqarilayotgan bazalt asosidagi issiqlik izolyatsiyasi materiallarining ahamiyatini alohida ta’kidlash zarur. Ularning yong‘inga chidamliligi, issiqlikni saqlash xususiyati va uzoq muddat xizmat qilishi qurilish sohasida muhim afzalliklar hisoblanadi.

Binolarning devorlari, tomlari va boshqa konstruksiyalarini tegishli talablarga muvofiq izolyatsiyalash issiqlik yo‘qotilishini kamaytirishga yordam beradi. Natijada qishda xonalarni isitish, yozda esa sovitish uchun sarflanadigan energiya miqdorini qisqartirish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu, o‘z navbatida, aholi xonadonlari, ta’lim va tibbiyot muassasalari, ishlab chiqarish binolari hamda boshqa ob’ektlarning ekspluatatsiya xarajatlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Ayniqsa, yangi qurilayotgan turar joylar, ijtimoiy ob’ektlar va ishlab chiqarish binolarini loyihalashda energiya samaradorligi talablariga jiddiy e’tibor qaratish muhim. Bunda qurilish materiallarining sifati, issiqlik izolyatsiyasining to‘g‘ri tanlanishi va montaj ishlarining belgilangan me’yorlar asosida bajarilishi hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Shu bilan birga, zamonaviy izolyatsiya materiallaridan foydalanish madaniyatini kengaytirish, qurilish tashkilotlari va buyurtmachilarning bu boradagi bilimlarini oshirish ham dolzarb vazifadir. Chunki sifatli materialning o‘zi yetarli emas, uning imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalanish ham kutilgan samarani ta’minlaydi.
Davlatimiz rahbarining korxona faoliyati bilan tanishishi ishlab chiqarishning mavjud imkoniyatlari va hudud sanoatini rivojlantirish masalalariga qaratilayotgan e’tiborni ko‘rsatadi. Tashrif davomida Qoraqalpog‘iston tumanlariga biriktirilgan viloyatlar hokimlari amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot bergani, hududlar o‘rtasidagi aloqalar va ishlab chiqarish kooperatsiyasini mustahkamlash, aholi bandligi va daromadlarini oshirishga qaratilgan loyihalarni ko‘paytirish zarurligi ta’kidlangani ham bejiz emas.
“Nukus Insulation Group” uchun kelgusi bosqichdagi muhim vazifalardan biri mahalliy bozor bilan bir qatorda, respublika miqyosidagi talabni ham chuqur o‘rganish, mahsulotni iste’molchilarga o‘z vaqtida yetkazib berish tizimini takomillashtirish va uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishdir. Bu borada qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan korxonalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish, mahsulotning texnik xususiyatlari va afzalliklarini mutaxassislarga yetkazish muhim o‘rin tutadi.
Yana bir jihatga e’tibor qaratish lozim. Xalqaro standartlarga mos mahsulot ishlab chiqarish — bu faqat zamonaviy uskunalar bilan ta’minlanish degani emas. Bu sifatni muntazam nazorat qilish, ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish, iste’molchilar ishonchini qozonish va bozor talablariga moslashishni ham anglatadi.
Har qanday sanoat loyihasining ahamiyatini baholashda investitsiya miqdori va ishlab chiqarish hajmi muhim ko‘rsatkichlardir. Biroq uning uzoq muddatli natijasi yangi ish o‘rinlari, aholi daromadlari, kasbiy malaka va mahalliy iqtisodiyotga qo‘shilayotgan hissa bilan ham o‘lchanishi kerak.
Korxonada yaratilgan 150 ta ish o‘rni bu jihatdan e’tiborga molik. Zamonaviy ishlab chiqarish korxonasi nafaqat bevosita bandlikni ta’minlaydi, balki uskunalarga texnik xizmat ko‘rsatish, tashish, omborxona faoliyati, savdo va boshqa xizmatlar sohalarida ham hamkorlik imkoniyatlarini yuzaga keltirishi mumkin.
Bunday imkoniyatlardan samarali foydalanish uchun yoshlarni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish, kasb-hunar ta’limi muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish va ishlab chiqarish ehtiyojlariga mos mutaxassislar tayyorlashga e’tibor qaratish lozim. Chunki texnologik jihatdan rivojlangan korxona uchun zamonaviy uskunalar qanchalik muhim bo‘lsa, ularni boshqaradigan bilimli va malakali kadrlar ham shunchalik zarur.
Shuningdek, mahalliy tadbirkorlar bilan hamkorlikni kuchaytirish orqali hudud ichida iqtisodiy aloqalarni kengaytirish mumkin. Qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilar, transport xizmatlari ko‘rsatuvchilar, ta’minotchilar va qurilish tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlik qanchalik samarali bo‘lsa, iqtisodiy faollikning boshqa tarmoqlarga ta’siri ham shunchalik keng bo‘ladi.
“Nukus Insulation Group” tajribasi shuni ko‘rsatadiki, mahalliy resurslar, zamonaviy texnologiyalar va investitsiyalarni birlashtirish orqali hududda yangi sanoat yo‘nalishlarini rivojlantirish mumkin. Endi bu imkoniyatlarni kadrlar salohiyatini oshirish, qurilish sohasi bilan hamkorlikni kuchaytirish va energiya tejamkor yechimlarni keng joriy etish bilan uyg‘unlashtirish muhim.
Zamonaviy sanoatni rivojlantirish, energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish va mahalliy resurslardan oqilona foydalanish nafaqat bugungi iqtisodiy ehtiyoj, balki Qoraqalpog‘istonning kelgusi taraqqiyoti uchun ham muhim poydevordir.
Orinbay Bekbergenov,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati
O‘zA