«Nukus» dala-o‘quv maydonining zamonaviy qiyofasi
Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugining «Nukus» dala-o‘quv maydonida harbiy okrug ko‘mondonligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy harbiy –ma’muriy sektor tomonidan keng ko‘lamli bunyodkorlik va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Natijada yurtimizda o‘z o‘rni va nufuziga ega bo‘lgan dunyo talablariga to‘liq javob beradigan zamonaviy dala-o‘quv maydoni qad rostladi.
Mamlakatimizning cho‘l sharoitida jangovar vazifalarni bajarishga moslashgan dala-o‘quv maydoni infratuzulmasidan o‘rin olgan 13 ta harbiy va ijtimoiy ob’ektda to‘liq kapital ta’mirlash hamda 5 ta yangi jangovar texnikalar parki, sport va yaqin jang shaharchasi, radiatsion, kimyoviy, biologik qurollardan himoyalanish shaharchasi hamda jamoaviy ruhiy barqarorlikni shakllantirish inshootlarida qurilish va jihozlash ishlari amalga oshirildi.
Barcha kuch va vositalarni boshqarish hamkorlikdagi harakatlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2 qavatli ko‘mondonlik kuzatuv minorasi qurilishi eng zamonaviy talablardan kelib chiqib bunyod etildi. Bu kelgusida yurtimiz mezbonlik qiladigan xalqaro harbiy musobaqalar uchun o‘ziga xos tayyorgarlikdir.
Dala maydonida kuch tuzilmalari uchun maxsus ob’ektlar barpo etilgan bo‘lib, hamkorlikda majmuaviy taktik o‘quvlar va jangovar tayyorgarlik tadbirlarini real sharoitlar kesimida muntazam ravishda o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi.
[gallery-278]
Mazkur «Nukus» dala-o‘quv maydonining tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri, general-mayor Bahodir Qurbonov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, hududiy harbiy–ma’muriy sektor rahbari Murat Kamalov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Qahramon Sariyev, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi ko‘mondonligi, Mudofaa vazirligi rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, fahriylar hamda kelajagimiz bo‘lgan yoshlar ishtirok etishdi.
Ta’kidlanganidek, dala-o‘quv maydoni–bu yerda yaratilgan infratuzilmalar harbiy xizmatchilarning jangovar, ma’navi va jismoniy tayyorgarliklarini yanada oshirishida katta ahamiyatga ega bo‘lib, yurtimiz himoyasiga bel bog‘lagan o‘g‘lonlar uchun malaka hamda tajriba orttirish maydoni bo‘lishi shubhasiz.
Tadbirda «Nukus» dala-o‘quv maydoni qurilishida jonbozlik ko‘rsatgan bir guruh harbiy xizmatchilar hamda quruvchi pudratchi tashkilot vakillariga O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi hamda hududiy harbiy –ma’muriy sektor rahbariyati tomonidan qimmatbaho va esdalik sovg‘alar topshirildi.
Shuningdek, Mudofaa vaziri tomonidan harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish hamda Nukus harbiy gospitali moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida zamonaviy, so‘nggi rusumdagi tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan reanimobil maxsus texnikasi tantanali ravishda topshirildi.
Tadbir ishtirokchilari va mehmonlar yangidan barpo etilgan dala-o‘quv maydonida yaratilgan shart-sharoitlar, zamonaviy o‘quv binolari, tibbiyot punkti, yotoqxonalar, oshxona, sport shaharchasi hamda jangovar texnikalar parki bilan tanishdi. O‘quv binosida harbiy xizmatchilar taktik, texnik, otish, aloqa tayyorgarliklari, ommaviy qirg‘in qurollaridan himoyalanish fanlarining nazariy asoslarini puxta o‘zlashtirishlari uchun barcha turdagi zamonaviy o‘quv ko‘rgazmalari mavjud.
Jangovar texnikalar parkida harbiy texnikalar uchun binolar qurilishi ham muvaffaqiyatli amalga oshirilgan. Zamonaviy trenajyorlar va anjomlar bilan jihozlangan sport shaharchasida 350 nafar harbiy xizmatchi mini futbol, voleybol, boks, badminton, tosh ko‘tarish hamda jismoniy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishi mumkin.
Ishtirokchilar Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi qo‘shinlari va hamkorlikdagi kuch tuzilmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasi, Davlat xavfsizlik xizmatining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasi, Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlari Shimoli-g‘arb operativ ko‘mondonligi bilan hamkorlikda yuqori saviyada tashkil etilgan majmuaviy taktik-maxsus o‘quvning bevosita guvohi bo‘lishdi. Zamonaviy dala-o‘quv maydonining tashkil etilganligi Vatan ximoyachilarining yangicha usul va uslublarda mashg‘ulotlar o‘tkazishlari uchun keng imkoniyatlar beradi.
Tadbir ishtirokchilariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati san’at ustalarining konsert dasturi namoyish etildi.
Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA