30 iyun – Yoshlar kuni (rukn)
Ta’lim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yagona to‘g‘ri yo‘lidir. Eng yaxshi investitsiya esa ta’limga, tarbiyaga tikilgan sarmoyadir.
Shu ma’noda, yurtimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish, zamonaviy ta’lim maskanlari, sport inshootlari va madaniy markazlar barpo etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shahar hokimligining katta majlislar zalida yakuniga yetgan 2024-2025 o‘quv yilini muvaffaqiyatli tamomlagan, kelajak sari ishonch bilan qadam qo‘yayotgan umumta’lim maktablari bitiruvchilarini taqdirlash marosimi ham ayni shu g‘amxo‘rlikning amaliy ifodasi bo‘ldi.
30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda Namangan shahri hokimi Anvar Otaxo‘jayev maktablarni a’lo baholar bilan muvaffaqiyatli tugatgan o‘g‘il-qizlarni, ularning ustoz muallimlari va ota-onalarini bayram bilan tabriklab, samimiy tilaklarini bildirdi.

Yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish, to‘g‘ri tarbiyalash, zararli ta’sirlardan asrash dolzarb masalalardan ekanligini ta’kidlanib, yozgi ta’tilda o‘quvchilarni oromgohlar va foydali mashg‘ulotlarga jalb etish, sport musobaqalari, intellektual o‘yinlar va turli ko‘ngilochar san’at kechalari o‘tkazish yuzasidan tegishli mutasaddilarga vazifalar yuklatildi.
Joriy o‘quv yilida 5 ming 257 nafar yosh maktabni yakunladi. Bitiruvchilarning 315 nafari chet tillarni bilish darajasidagi – “IELTS” sertifikatga ega bo‘lib, shundan 440 nafari muddatidan oldin talabalik sharafiga muyassar bo‘ldi. E’tiborlisi, 67 bitiruvchi yosh xorijiy davlatlardagi nufuzli oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi.

Birgina, Namangan shahridagi 1-son ixtisoslashtirilgan maktab-internatning ikki nafar bitiruvchisi, “IELTS” hamda “SAT”dan yuqori ballarni olib, xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lgan Ziyodullo Qo‘ziboyev va Saydullo So‘pijonov “Pechak” ligasi (“Ivy League”) tarkibiga kiruvchi, dunyo reytingida 15-o‘rinda turuvchi Pensilvaniya universiteti talabasi bo‘ldi. Ular AQSHdagi nufuzli oliy ta’lim dargohida tahsil oladi.

Tadbirda, namunali xulqi, odob-axloqi, ommaviy tadbirlarda faolligi bilan tengdoshlariga ibrat namunasini ko‘rsatgan 67 o‘quvchi oltin, besh bitiruvchi kumush medallar bilan taqdirlandi.
Medallar topshirish marosimining o‘ziga xos va unutilmas lahzalarida shahar hokimi bitiruvchilarni yuksak natijalari bilan chin dildan tabriklab, kelgusi o‘qish va ishlarida zafar tiladi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA