Noyob gul va manzarali daraxt ko‘chatlari yetishtirayotgan oilaviy korxona
FOTOREPORTAJ
Bugun mamlakatimizning barcha shahar va qishloqlarida yirik hajmdagi qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Jarayonga mos holda ob’ektlar atrofida ko‘kalamzorlashtirish va landshaft dizaynini yaratish ham urf bo‘lgan. Buning uchun mahalliy sharoitga moslasha oladigan manzarali yaproq va ninabargli daraxt hamda gul ko‘chatlarini yetishtirish lozim. Bu borada Farg‘ona viloyatida samarali ish olib borilmoqda.
– Bizning issiq va quruq iqlimli sharoitimizda daraxt-buta o‘simliklarining, ayniqsa, ninabargli va doim yashil o‘simliklarning ahamiyati juda katta, - deydi “Zahiriddin samo fayz” oilaviy korxonasi rahbari Husniddin Teshaboyev. – Keyingi yillarda aholi yashash joylarini ko‘kalamzorlashtirish tizimida manzarali ninabargli daraxtlar va doim yashil butalar ekish ko‘lami oshdi. O‘zbekistonda manzarali bog‘dorchilikni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlaridan biri – ko‘kalamzorlashtirish uchun shahar sharoitlarida yashil daraxtzorlar barpo etish uchun biologik chidamli daraxt-buta turlari assortimentini ko‘paytirish borasida izlanishlar olib bormoqdaman. Mamlakatimizda mavjud ko‘kalamzorlashtirish sohasi o‘simlik turlari assortimenti cheklangan bo‘lib, uni ko‘paytirish va yaxshilash muhim, deb o‘ylayman. Daraxt va gul ko‘chatlari mamlakatimiz iqlim sharoitiga moslashtirilgan bo‘lib, ularga xaridorlar talabi katta. Shuningdek, 50 dan ziyod turdagi gullar yetishtirilib, xaridorlarga yetkazib berilayotir.
Oilaviy korxonaning 30 dan ziyod ishchisi shahar va tumanlarda ekishga mos bo‘lgan, chidamli va uzoq umr ko‘radigan hamda qimmatli ninabargli daraxtlardan qarag‘ay, qoraqarag‘ay, biota, metasekvoyya, archa turlari, yaproqbargli daraxtlardan jo‘ka, lola daraxti, magnoliya, katalpa, mayda bargli qayrag‘och, manzarali butasimon o‘simliklardan spireya, magoniya, shamshod, oddiy nastarin, hind nastarini, kalina kabilarni parvarishiga alohida e’tiborni qaratmoqda. Tez o‘suvchi daraxt turlaridan terak, pavloniya, oqqayin, tol, ayniqsa, majnuntol, janubiy viloyatlar uchun esa sofora, oq akatsiya, bunduk, aylant, zarang, chinor va boshqalar diqqatga sazovordir. Shaharlar va turar-joy massivlarini bezatish, ko‘kalamzorlashtirishda manzarali shaklga ega bo‘lgan piramidasimon, sharsimon, shoxlari osilib turuvchi (majnuntolsimon), spiralsimon, ustunsimon shaklga ega ninabargli va yaproqbargli daraxtlar katta ahamiyatga ega.
[gallery-5916]
Muqimjon QODIROV (surat),O‘zA