Notiqlik tanlovi g‘oliblari taqdirlandi
Yoshlar press klubida O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash, Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim, Xalq ta’limi vazirliklari hamda Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida “Muammo, yechim, natija” mavzuidagi teletanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi tashkil etildi.
Prezidentimizning 2020 yil 20 oktyabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida tashkil etilgan mazkur tanlovdan ko‘zlagan maqsad, yoshlar o‘rtasida nutq madaniyatini oshirish, adabiy til va uning normalariga rioya qilinishini targ‘ib qilish, shuningdek, adabiy til boyliklari va vositalaridan maqsadga muvofiq, sharoit va uslub taqozosiga ko‘ra o‘rinli foydalana olish ko‘nikmasini berishga qaratilgan.
[gallery-4494]
Ta’kidlanganidek, joriy yilning 15 iyulidan 10 avgustiga qadar 17 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlardan @notiq_motivatsionbot orqali arizalar qabul qilindi. Talabgorlar ariza topshirish barobarida erkin mavzuda tayyorlagan 1 daqiqalik videoroliklar ham yubordi. Shunga ko‘ra, tanlov ekspertlari tomonidan yuborilgan vedeoroliklar ko‘rib chiqilib, navbatdagi bosqichda ishtirok etuvchilar aniqlandi.
Ishtirokchilarning “Ona tilim – faxrim” mavzusida 2 daqiqalik nutqi aks etgan videolari ko‘rib chiqilib, ularning 20 nafariga respublika bosqichida ishtirok etish uchun yo‘llanma berildi.
Ishtirokchilarning yakuniy bosqich uchun yuborgan videolarini hakamlar hay’ati a’zolari belgilangan mezonlar asosida baholashdi. Unga ko‘ra, berilgan mavzuning ochib berilishi, nutqdagi so‘zlarning bir-biri bilan mantiqiy bog‘langanligi, fikrni yetkazib berish mahorati, notiqning tashqi ko‘rinishi va eng asosiysi, adabiy til normalariga amal qilinishi inobatga olindi.
Tanlov natijasiga ko‘ra, 10 nafar yoshlar g‘olib topildi. G‘oliblarga diplom va esdalik sovg‘alari hamda kitoblar to‘plami topshirildi.
Gulnoza Boboyeva, Oqil G‘ulomov (surat), O‘zA