2025 yil 20 oktyabrda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga nizolarni muqobil hal etishda mediatsiya institutini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi.
Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulhakim Eshmurodov qonunning muhim jihatlari haqida gapirib berdi:
– Iqtisodiyotga xorijiy investorlarni jalb etishda yuzaga keladigan nizolarni sudgacha hal qilish yoki sud muhokamasining har qanday bosqichida nizolashayotgan taraflar uchun o‘zaro kelishuv va maqbul yechimni topishga erishishni ta’minlovchi mexanizmlardan foydalanish zarurati oshib bormoqda.

Misol uchun, rivojlangan davlatlarda nizolarni mediatsiyani qo‘llagan holda sudgacha hal qilish umumiy ishlar hajmining 70-80 foizini tashkil qilayotir.
O‘zbekistonda 2019 yilda mediatsiya instituti joriy etilgan bo‘lsa-da, 2023 yilda nizoning sudga qadar bosqichida atigi 310 ta mediativ kelishuv rasmiylashtirilgan.
Sir emaski, sudlarda ish hajmi yildan-yilga ortib bormoqda. Xususan, 2021 yilda fuqarolik sudlari tomonidan 518 ming ish ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich bir millionga yaqinlashgan.
Sudga qadar va sudgacha rasmiylashtirilgan mediativ kelishuvlar taqqoslanganda, sudga qadar rasmiylashtirilgan mediativ kelishuvlar soni atigi 4,2 foizni tashkil qiladi.
Mediativ kelishuvlarning asosan sudda rasmiylashtirilishi aksariyat hollarda haqiqatdan ham taraflar kelishib, mediativ kelishuv tuzayotganini emas, to‘langan davlat bojini qaytarib olish maqsadida mediativ kelishuv tuzayotganligini ifodalaydi.
Mediativ kelishuv tuzib, sudda ish tugatilgan va davlat boji qaytarib olinib, bir necha oy vaqt cho‘zilgandan so‘ng esa mediativ kelishuv ijro etilmasligi holatlari uchraydi.
Shu boisdan, mediatsiyaning ta’sir doirasini kuchaytirish, sohaga ishonchi yanada oshirish zarurati mavjud.
Qonun aynan yuqoridagi masalalarning huquqiy yechimi sifatida ishlab chiqilgan bo‘lib, “Mediatsiya to‘g‘risida”, “Notariat to‘g‘risida”, “Davlat boji to‘g‘risida”, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunlar, Fuqarolik, Iqtisodiy protsessual, Soliq hamda Oila kodekslariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Xususan, “Notariat to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, notariusga “Mediatsiya to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan tartibda mediator vazifasini bajarish huquqi berildi.
Amaldagi normada notarius fuqarolik-huquqiy munosabatlar, shu jumladan, mulkiy va meros masalalari bo‘yicha o‘zaro maqbul qaror qabul qilish uchun taraflarning ixtiyoriy roziligi asosida nizoda mediator sifatida ish yuritishi belgilangan bo‘lib, bunda notariuslarning mediatorlikdagi huquqi cheklangan edi.
“Mediatsiya to‘g‘risida”gi qonun yangi 11-bob bilan to‘ldirilib, Adliya vazirligi mediatsiya sohasidagi vakolatli davlat organi etib belgilandi. Endilikda Adliya vazirligi o‘z vakolatlari doirasida mediatsiyaga oid normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qiladi. Mediatorlarning kasb etikasi qoidalari, mediatorning kasbiy malakasini oshirish tartibi hamda mediatorlarni tayyorlash dasturlarini tasdiqlaydi.
Shu bilan birga, mediatorlar tomonidan statistik ma’lumotlarini taqdim etish tartibini belgilash va statistik ma’lumotlarini tahlil qilish, mediatorlar reyestriga kiritish bo‘yicha malaka imtihonini o‘tkazish tartibini tasdiqlash, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari huzuridagi mediatorlar malaka komissiyalari hamda Adliya vazirligi huzuridagi Mediatorlar oliy malaka komissiyasi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash hamda qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradi.
Qonun bilan mediatsiya qo‘llaniladigan sohalar doirasi kengaytirildi. Mediatorga doir talablar qayta ko‘rib chiqilib, mediatorlarning noprofessional turi qonunchilikdan chiqarib tashlandi.
Mediatorlarga oliy ma’lumotli bo‘lish talabi qo‘yildi. Ular har uch yilda bir marta malakasini oshiradi. Kelishuvni majburiy ijro etishga oid qoidalar belgilandi. Hakamlik sudlari faoliyati hamda hakamlik muhokamasini xalqaro standartlarga moslashtirishga oid qoidalar qonunchilikdan o‘rin oldi.
Qonun nizolarni sudgacha hal qilish mexanizmlarining amaliyotda samarali ishlashini ta’minlash, mediatsiya sohasining huquqiy asoslarini mustahkamlash orqali sudlarda ish yuklamasini kamaytirishga xizmat qiladi.
Muhimi, bu jarayonlar O‘zbekistoning biznes yuritish sohasidagi xalqaro reytingi yanada yaxshilanishi, investitsiyaviy imiji xalqaro darajada yanada ko‘tarilishiga zamin yaratadi.
Norgul Abduraimova, O‘zA