Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim sobiq notariuslar ishdan nohaq bo‘shatilganini iddao qilib, chiqishlar qilgan.
Andijon viloyati adliya boshqarmasi ushbu masala bo‘yicha manosabat bildirdi:
Notariat sohasida ko‘p yillardan beri yig‘ilib qolgan muammolar, xususan, noqonuniy ish yuritish, korrupsiya, professional talablarga javob bermaslik kabi holatlarga qarshi jiddiy kurash boshlangan. Bu borada jamoatchilik nazorati, “sirli mijoz” singari tadbirlar o‘tkazilmoqda. Natijada nopok, talabga javob bermaydigan xodimlarga intizomiy choralar ko‘rish va ba’zan ishdan bo‘shatish usullariga ham murojaat etilmoqda.
Xususan, qonun hujjatlari talablarini buzganligi va notarius lavozimiga noloyiq qilmishlari uchun 2019 va 2020 yillar davomida respublika bo‘yicha 25 nafar notarius hamda 33 nafar notarial idora xodimi ishdan bo‘shatilgan.
Jumladan, 7 nafar notarius va 11 nafar xodim fuqarolardan ortiqcha pul olgani uchun, 2 nafar notarius va 6 nafar xodim mehnat va ijro intizomiga rioya etmagani uchun, 8 nafar notarius va 3 nafar xodim notarial harakatlarning maxfiyligiga rioya qilmagani uchun, 6 nafar notarius va 13 nafar xodim notariat to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilmagani uchun, 1 nafar notarius to‘lovlarni noto‘g‘ri undirgani hamda 1 nafar notarius jinoiy javobgarlikka tortilgani sababli ishdan bo‘shatilgan.
Shundan, 5 nafar notarius va 1 nafar notarial idora xodimlarining ishga tiklash haqidagi da’vo arizalari sudlar tomonidan ko‘rib chiqilib, ularning ishdan bo‘shatilishi qonuniy, deb topilgan.
Endi bevosita Andijon shahar 1-son davlat notarial idorasi sobiq notariusi A.Sherbayevning da’volariga kelsak. A.Sherbayev notarial harakatlarning maxfiyligiga rioya qilmagani hamda boshqa huquqbuzarliklari uchun ishdan bo‘shatilgan.
Xo‘sh, ushbu xodim faqat bir marta bilmay qilgan xatosi uchun ishdan bo‘shatilganmi? Albatta, unday emas.
A.Sherbayevga nisbatan shu lavozimda ishlagan davrda mehnat va ijro intizomiga rioya etmagani hamda sodir etgan boshqa qonunbuzilishlari uchun jami 8 marotaba (!) intizomiy jazo choralari, xususan, 2012 yilda “hayfsan”, 2013 yilda “hayfsan” va 2 marotaba jarima, 2016 yilda “hayfsan” va jarima, 2018 yilda jarima va 2019 yilda “mehnat shartnomasini bekor qilish” choralari qo‘llanilgan.
Jumladan, A.Sherbayev garovdagi mulklarni taqiqqa qo‘ymagan, buning natijasida garovga olingan mulklar sotib yuborilgan hamda garovga oluvchi tijorat banklari tomonidan berilgan kreditlarni qaytmasligiga sabab bo‘lgan, 140 dan ortiq garovdagi mulkka qo‘yilgan taqiqlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni hamda 700 dan ortiq (!) meros ishini “Notarius” axborot tizimiga kiritmagan. Notarial harakat tomonlari shartnomani faqat notarius huzurida imzolashlari shart bo‘lsa-da, sayyor notarial harakatda boshqa shaxsning sotuvchiga shartnomani imzolatishiga yo‘l qo‘ygan. Notarial harakatlarning notarial idorada saqlanadigan 4 mingdan ortiq nusxalariga A.Sherbayevning o‘zi imzo qo‘ymagan va gerbli muhr bilan tasdiqlamagan va boshqalar.
Bundan tashqari, A.Sherbayev shtatdan tashqari shaxslarni notarial idorada ishlatgani sababli unga nisbatan 2018 yil 27 sentyabrda intizomiy jazo qo‘llanilgan. Biroq, u tegishli xulosa chiqarmagan va 2019 yil 25 iyunda ikki nafar begona shaxsni notarial idorada ishlatib, sir saqlanishi shart hisoblanadigan ma’lumotlarning begona shaxslarga oshkor bo‘lishiga takroran sharoit yaratgani aniqlangan.
Bu o‘rinda masalaning naqadar muhimligini tushunitirish uchun notarial harakatlarning maxfiyligi tushunchasiga izoh berib o‘tamiz. Notarial harakat to‘g‘risidagi qonunning 6-moddasiga ko‘ra, notariusning o‘z xizmat vazifalarini bajarishi munosabati bilan xabardor bo‘lib qolgan ma’lumotlarni oshkor qilishi, hatto mehnat shartnomasi bekor qilinganidan keyin ham oshkor qilishi taqiqlanadi.Chunki notarial sir shaxsga doir ma’lumotlarning daxlsizligini ta’minlovchi muhim tamoyil sanaladi. Bu tamoyilning buzilishi ortidan jiddiy oqibatlar kelib chiqishi, hatto jinoyatlar ro‘y berishi mumkin. Shu sababli mazkur qoidaning buzilishi notarius uchun kechirilmas ayb deb baholanadi.
Yuqoridagi holatlar A.Sherbayevning notarius lavozimida halol va vijdonan ishlamaganini, muntazam ravishda qonun buzilishiga yo‘l qo‘yib kelganini ko‘rsatadi.
A.Sherbayevning notarial harakatlar maxfiyligiga rioya qilmagani hamda uning boshqa huquqbuzarliklari inobatga olinib, 2019 yil 16 iyulda ishdan bo‘shatilgan.
A.Sherbayev esa shu kungacha ishdan bo‘shatilganidan norozi bo‘lib, bir necha bor sudlarga murojaat qildi.
Xususan, uning ishdan bo‘shatish haqidagi buyruqni bekor qilish hamda ishga tiklash haqidagi da’vo arizasini fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon tumanlararo sudi, kassatsiya shikoyatini fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon viloyati sudi kassatsiya instansiyasi va nazorat tartibidagi shikoyat arizasini O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati ko‘rib chiqib, A.Sherbayevning ishdan bo‘shatilishini qonuniy, deb topgan.
Shuningdek, A.Sherbayev foydalanmagan ta’tillari uchun Andijon viloyati adliya boshqarmasidan kompensatsiya undirib berish haqida FIB Andijon tumanlararo sudiga da’vo arizasini kiritgan.
Sud tomonidan ushbu da’vo arizasini ko‘rib chiqishda mutaxassis jalb qilinib, mutaxassis xulosasiga ko‘ra, Andijon viloyati adliya boshqarmasi tomonidan A.Sherbayevga foydalanilmagan ta’tillar uchun kompensatsiyalar o‘z vaqtida to‘lab berilgan, deb topilgan hamda FIB Andijon tumanlararo sudining 2020 yil 25 avgustdagi hal qiluv qaroriga asosan A.Sherbayevning da’vo arizasi rad qilingan.
Shu barobarida A.Sherbayev bir necha bor blogerlar orqali va o‘zi shaxsan ijtimoiy tarmoqlarda bir tomonlama, xolis bo‘lmagan ma’lumotlarni tarqatib kelmoqda. Bu esa jamoatchilikda mavjud holat yuzasidan noto‘g‘ri munosabat shakllanishiga sabab bo‘lmoqda.
Albatta, fuqarolarning o‘z huquqlarini talab qilib sudlarga murojaat etishi – ularning qonuniy huquqi. Biroq, bu jarayonda asoslanmagan ma’lumotlar tarqatilishi, axborot maydonida ortiqcha shov-shuv ko‘tarish orqali jamoatchilikda noto‘g‘ri xulosalar paydo qilinishi hamda davlat organlarining obro‘siga putur yetkazilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
Shu o‘rinda adliya mutaxassislari axborot tarqatuvchilar, xususan blogerlarga masalani har tomonlama o‘rganib, jamoatchilikka xolis axborot yetkazib berishlari naqadar muhimligini yana bir bor eslatadi.
Zero, notariat tizimining halol va qonuniy ishlashi millionlab fuqarolarimiz uchun hamda huquqiy davlat qurish uchun muhim masala hisoblanadi.
O‘zA