Notariuslar aholi xonadonlariga borib xizmat ko‘rsatmoqda
Adliya vazirligi hamda O‘zbekiston Notarial palatasi hamkorligida 10 fevraldan 10 martgacha “Vorislik huquqi” aksiyasi o‘tkazilmoqda.

Aksiyani o‘tkazishdan maqsad oilalarda meros bilan bog‘liq nizolarning oldini olish, shuningdek, fuqarolarning mol-mulkka bo‘lgan huquqlarini ta’minlash, ularning bu sohadagi huquqiy bilimlarini yanada oshirishdir.
Aksiya doirasida barcha hududlarda xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar hamda hududiy adliya bo‘limlari xodimlari aholi o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib bormoqda.
Notariuslar mahalla fuqarolar yig‘inlari binosida sayyor notarial harakatlarni amalga oshirish bilan birga xonadonlarga borib, sayyor xizmatlar ko‘rsatmoqda.
Aksiya doirasida murojaatchilarga merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnoma, vasiyatnoma rasmiylashtirgani uchun imtiyozli to‘lov ham joriy etilgan.
Xususan, Qarshi shahrida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius F.Allayarova Qarshi shahar "Magzon" mahallasida yashovchi fuqaro F.Zaxirovaning iltimosiga binoan uning xonadonida bo‘ldi. Otaxonning ko‘chmas mulkning o‘ziga tegishli bo‘lgan ulushidan voz kechish to‘g‘risidagi arizasi sayyor tartibda rasmiylashtirib berildi.
Ellikqal’a tumanida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius M.Yelmuratov fuqaro D.Jumabayevaning so‘roviga binoan, uning yashash xonadonida "Qonun bo‘yicha merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida"gi guvohnomasiga tegishli bo‘lgan hujjatlarini sayyor tartibda rasmiylashtirib berdi.
Bunda sayyor xizmatlar, aholiga qulaylik yaratishga qaratilgan ishlar davom ettirilmoqda.
O‘zA