Norov Germaniya delegatsiyasini qabul qildi
Germaniya iqtisodiyoti Sharqiy qo‘mitasi ijrochi direktori Mixael Xarms boshchiligidagi delegatsiya a’zolari O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov bilan uchrashdi.
Bir necha kun davomida yurtimizda bo‘lib, jumladan, O‘zbekiston – Germaniya ishbilarmonlar Kengashi yig‘ilishida ishtirok etgan janob Xarms dastlab diyorimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, davlat va jamiyat hayotida ro‘y berayotgan ijobiy o‘zgarishlar xususida fikr bildirdi.
Germaniya ishbilarmon doira vakillari O‘zbekistonga investitsiya va eksport salohiyatiga ega davlat sifatida qarashi, shu bois o‘zaro aloqani yanada rivojlantirishga qiziqish ortib borayotgani qayd etildi.
Energetika, mashinasozlik, foydali qazilmalarni qayta ishlash va to‘qimachilik sohalarida qo‘shma loyihalar amalga oshirish bo‘yicha aniq choralar ko‘rish muhimligi ta’kidlandi.
Muloqot chog‘ida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishi strategik sheriklikning istiqbolli yo‘nalishi etib belgilangani ma’lum qilindi. Yevropa davlatlarida O‘zbekistonning axborot texnologiyalari sohasidagi imkoniyati taqdimotini “road show” ko‘rinishida tashkil etish masalasini o‘rganishga kelishildi.
Respublikamizda kasb-hunar ta’limi tizimini rivojlantirishga Germaniya kompaniyalari va mutaxassislarini jalb etishga alohida e’tibor qaratildi.
[gallery-7865]
B.Xudoyberdiyev,
O.Mirsoatov (surat),O‘zA