Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari jamoatchilik muhokamasiga sifatli taqdim etilishi kerak
Adliya vazirligida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik muhokamasini tashkil etish va o‘tkazish masalalariga bag‘ishlangan seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Yevropa Ittifoqining Tvining dasturi ekspertlari ishtirokida tashkil etilgan tadbirda vazirlik va idoralarning norma ijodkorligi hamda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik muhokamasini tashkil etish uchun mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirning ochilishida ta’kidlanganidek, normativ-huquqiy hujjatlarning sifati nafaqat huquqiy normalarning puxta ishlab chiqilishi, balki ularning amaliyotdagi ehtiyojlarga muvofiqligi, ehtimoliy ta’sirining to‘g‘ri baholanishi va jamoatchilik fikrining qay darajada inobatga olinishi bilan ham belgilanadi.
Shu nuqtai nazardan, jamoatchilik muhokamasi fuqarolar va boshqa manfaatdor tomonlarga o‘z fikr va takliflarini bildirish imkonini beruvchi mexanizm bo‘lish bilan birga, ishlab chiqilayotgan qarorlarning asosliligi va amaliy samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Yevropa Ittifoqining Tvining dasturi doirasida so‘nggi ikki yil davomida norma ijodkorligi sifatini oshirish, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish jarayonlarini takomillashtirish hamda tartibga solish ta’sirini baholash mexanizmlarini rivojlantirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, ushbu yo‘nalishlarda xalqaro tajribani o‘rganish, milliy amaliyotni takomillashtirishga qaratilgan yondashuvlarni ishlab chiqish va mas’ul xodimlarning kasbiy salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Vazirlik va idoralar xodimlari uchun maxsus o‘quv dasturlari, seminarlar va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi. Ularda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, tartibga solishning ehtimoliy oqibatlarini baholash, muqobil yechimlarni tahlil qilish va asoslangan qarorlar qabul qilish bilan bog‘liq masalalar qamrab olindi.
Mamlakatimizda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish uchun tegishli huquqiy asoslar va elektron imkoniyatlar yaratilgan. Amaldagi qonunchilikda loyihalarni jamoatchilik yoki professional muhokamaga qo‘yish, manfaatdor shaxslarning taklif va mulohazalarini olish hamda ularni ko‘rib chiqish mexanizmlari nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, jamoatchilik muhokamasining samaradorligi faqat loyihani elektron platformaga joylashtirish yoki takliflarni qabul qilish bilan cheklanmaydi. Muhimi, muhokamada tegishli manfaatdor tomonlarning ishtirokini ta’minlash, bildirilgan fikrlarni mazmunan tahlil qilish va ularni inobatga olish natijalarini tushunarli tarzda asoslashdir.
Amaliyotda loyihalar yuzasidan mazmunli takliflarni olish, muayyan sohadagi mutaxassislar va bevosita manfaatdor shaxslarni muhokamaga jalb etish, shuningdek, kelib tushgan takliflarni tizimli umumlashtirish masalalari muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu bois jamoatchilik muhokamasini tashkil etishda elektron platformalar bilan bir qatorda, ochiq muloqotlar, davra suhbatlari, maqsadli maslahatlashuvlar, so‘rovnomalar va fokus-guruhlar kabi qo‘shimcha usullardan foydalanish imkoniyatlarini o‘rganish dolzarbdir.

Seminar-trening davomida xalqaro ekspertlar normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining jamoatchilik muhokamasini tashkil etish bo‘yicha ma’ruzalar bilan ishtirok etdi.
Ishtirokchilar uchun amaliy keys-mashqlar tashkil etildi. Ularda muayyan vaziyatlar misolida jamoatchilik muhokamasini tashkil etish, manfaatdor guruhlarning fikrlarini o‘rganish va takliflarni baholash bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.
Tadbirda jamoatchilik muhokamasini tartibga solish ta’sirini baholash jarayoni bilan uyg‘unlashtirish masalasi ham muhim ekani qayd etildi. Zero, qarorlarning ehtimoliy oqibatlarini baholashda manfaatdor tomonlarning fikrlarini o‘rganish muammoning ko‘lamini aniqlash, muqobil yechimlarni solishtirish va maqbul qarorlarni ishlab chiqishga ko‘maklashadi.
Seminar-trening yakunida norma ijodkorligi jarayonining ochiqligi va samaradorligini oshirish, jamoatchilik ishtirokini kengaytirish, xalqaro tajribani milliy amaliyotga moslashtirish hamda mas’ul xodimlarning kasbiy salohiyatini izchil oshirib borish muhimligi ta’kidlandi.
N.Abduraimova, O‘zA